Surxondaryoda O‘zbekistonga sintetik giyohvandlik vositalarining yashirin ravishda olib kirilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

“Ayritom” chegara bojxona postiga 9000 dona plastik idishlarga qadoqlangan 18 tonna anor sharbati ortilgan yuk mashinasi kirib kelgan. Yuklar “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilib, ko‘rikdan o‘tkazilganda ayrim anor sharbati idishlariga “M” harfi belgisi tushirilgani, aynan shu idishlardagi sharbatning ranggi ham boshqalaridan biroz farq qilishi shubha uyg‘otgan. Idish og‘zidagi himoya qatlamlari ham muqaddam ochilgani ma’lum bo‘lgan.

Giyohvandlik vositalarini tezkor aniqlashga xizmat qiluvchi sinama ko‘magida ushbu sharbat tekshirib ko‘rilganida, uning tarkibida metamfetamin nomli sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

“Aynan „M“ harfi tushirilgan sharbatlar soni 48 dona bo‘lib, idishi bilan hisoblaganda ularning umumiy og‘irligi 103 kilogrammni tashkil qildi. Yuklar Toshkent shahridagi ma’suliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga yuborilayotgan bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligda metamfetamin moddasi mamlakat hududida muomalasi taqiqlangan narkotik moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur modda an’anaviy giyohvandlik vositalariga nisbatan eng kuchli qaramlikni, uzoq davom etadigan uyqusizlikni keltirib chiqaradigan, markaziy asab tizimini ishdan chiqaradigan halokatli sintetik narkotik hisoblanadi.

Dunyo bo‘ylab qora bozorda metamfetaminning 1 grammi ayrim davlatlarda hatokki 700 dollargacha ko‘tarilganini inobatga olsak, mazkur holatda to‘xtatib qolingan ushbu moddaning umumiy qiymati bir necha o‘n million AQSh dollarini tashkil etadi.

Respublika bojxonachilari 2022-yilda aniqlangan 41 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida 109.3 kg, 2023-yil 1 choragida esa 10 ta holatda 103,3 kg og‘irlikdagi sintetik giyohvandlik vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘ygan.