3-may kuni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov Koreyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Shahar hokimi 2022-yil yakuniga ko‘ra, Koreya va Toshkent o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 412 million dollarni tashkil etganini bildirib, poytaxt va Seul o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalarini kengaytirish va shaharlarning birgalikdagi rivojlanish rejalarini amalga oshirish, Koreya biznesidagi yutuqlarni O‘zbekiston va Toshkentda qo‘llash ahamiyatli bo‘lishini ta’kidladi.

Elchi Kim Xi Sang qabul uchun minnatdorlik bildirib, hozirda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Koreya kompaniyalarining 50 foizdan ortig‘i Toshkentda ishlayotganligini qayd etdi. Suhbat davomida Toshkentdagi Seul bog‘ini rekonstruksiya qilish masalasi alohida muhokama etildi.

корея elchisi, сеул боғи, тошкент shahar hokimi
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Kim Xi Sangning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda Seul shahri meriyasi tomonidan bog‘ni qayta ta’mirlash uchun 340 ming dollar, Koreya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan esa 152 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda. U bu ishlar o‘z muddatida, yuqori sifatda bajarilishi uchun Toshkent shahri hokimligining amaliy yordami muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, elchi Koreya investitsiyasi asosida ishga tushishi mo‘ljallangan markaz faoliyatining tashkiliy-huquqiy masalalarini bayon etdi.

Shavkat Umurzoqov Seul bog‘ini qayta ta’mirlash ishlari boshlanguniga qadar bog‘ni tartibga keltirish ishlari amalga oshirilishi va rekonstruksiya jarayonida ham zarur amaliy yordam ko‘rsatilishini bildirdi. Tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirishdi.