Jurnalist Anora Sodiqova Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Vochax qishlog‘ida 30-aprel kuni referendum o‘tkazilmagani, qishloq ahliga byulleten ham berilmagani va maktabda ovoz berish jarayonlari o‘tkazilmagani haqida o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirdi.

Unda aytilishicha, gaz, elektrsiz yashayotgan Vochax qishlog‘ida 20 ga yaqin oila istiqomat qiladi. Yuqoridagi holat bo‘yicha Shabnam qishlog‘i raisi va ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilingan.

Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar yuzasidan “Gazeta.uz”ga munosabat bildirar ekan, qishloq Sariosiyo tumani “Shabnam” mahallasidagi 57-maktabda joylashgan 746-referendum uchastkasiga qarashini bildirdi.

Ushbu uchastkada jami ovoz beruvchilar soni 2143 nafarni tashkil etadi. Referendum natijalariga ko‘ra, 2065 nafar fuqaro ovoz berishda ishtirok etgan, 78 nafar fuqaro esa qatnashmagan. Xususan, uchastka komissiyasi a’zosi Oxun Mahmadaliyev 30-aprel kuni referendum uchastkasidan 60 km uzoqlikda joylashgan tog‘li hudud — Vochax qishlog‘iga ko‘chma ovoz berish qutisi bilan yuborilgan.

Ta’kidlanishicha, qishloqda 21 ta xonadonda 104 nafar aholi istiqomat qiladi. Shulardan 54 nafari referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lib, 15 nafari qishloqda, 16 nafari referendum uchastkasiga kelib ovoz bergan.

“Qolgan 23 nafar ovoz beruvchi chorva bilan shug‘ullanishi sababli tog‘ga chorva mollariga qarash uchun chiqib ketgan va yashash manzilida bo‘lmagan. Shundan so‘ng komissiya a’zosi referendum uchastkasi binosiga qaytib kelgan”, — deyiladi komissiya xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, fuqarolarning referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Referendumda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga, shuningdek, xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.