DXX Qashqadaryo, Samarqand va Sirdaryoda tezkor tadbir o‘tkazib, yer maydonlarini noqonuniy sotishda gumonlanayotgan shaxslarni qo‘lga oldi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida yashovchi fuqaro o‘g‘lining nomida bo‘lgan xususiy korxonaning 30 sotix yerini xaridorga 100 ming dollarga sotishga kelishgan. Buning uchun oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, Samarqand tumanida yashovchi fuqaro ham o‘zining o‘g‘liga tegishli fermer xo‘jaligining 15 gektar yerini xaridorga 15 ming dollarga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan. Aniqlanishicha, yer maydonini mahalliy hokimlik 2010-yilda ajratib bergan.

Sirdaryo viloyatida qayd etilgan holatda esa gulistonlik shaxs boshqa bir fuqaroning nomidagi dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan 10 sotix sug‘oriladigan yerning 5 sotixini xaridorga berish evaziga 7400 dollar olgan. Bunda u yer o‘ziga tegishli ekanini aytib, kadastr tizimidagi tanishlari yordamida fuqaroning nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan.

Hozirda holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ketmoqda.