Aprel oyida O‘zbekistonda 225 ta holatda iste’molchilar tomonidan 10,9 mln kVt-soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ma’lum bo‘ldi.

Buning oqibatida tizimga 5,5 mlrd so‘m zarar keltirilgan. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 54 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xususan, Andijon viloyatidagi yakka tartibdagi tadbirkor “Y.S.”ga qarashli sement mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasida 522 mln so‘m, Sirdaryo viloyatidagi “Suv ta’minot” MCHJda 340 mln so‘m, Toshkent viloyatidagi yakka tartibdagi tadbirkor “X.M.”da 163 mln so‘m miqdoridagi qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.