“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati Germaniyaning KfW banki bilan Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti hamda oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish sohasini yaxshilash uchun jami 200 million yevrolik hujjatlar imzoladi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Xususan, 130 million yevro kredit va 70 million yevro grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha anglashuv memorandumi, “Yo‘l xaritasi” va grant bitimi imzolandi. Bunda 126 mln yevro — Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarining ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rivojlantirish uchun ishlatiladi.

Shuningdek:

  • 34 mln yevro — Termiz shahri oqova suv tizimini yaxshilash;
  • 30 mln yevro — Surxondaryo viloyatining tuman markazlarida oqova suv tizimini qurish;
  • 10 mln yevro — KfW bankning O‘zbekistondagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Aqua Sonsult Ingeniyeur GmbH kompaniyasi bilan Samarqand viloyatining 6 ta tuman markazlari va shaharchalarida oqova suv tizimlarini qurish loyihasini ko‘zda tutuvchi anglashuv memorandumi ham imzolandi.

German Vater Partnership kompaniyasi bilan imzolangan anglashuv memorandumi esa suvni va elektr energiyasini tejovchi innovatsion texnologiyalar asosida boshqaruv samaradoriligini oshirish, suv yo‘qotishlarni hamda elektr energiya xarajatini kamida 3−4 barobar kamaytirishga erishilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Germaniyaning Atrof muhit federal agentligi (UBA) bilan hamkorlikda soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha har yili Germaniyada o‘rta muddatli ta’lim olish kurslari va amaliyot o‘tashi kelishuviga erishildi.