3-may kuni Toshkent shahrida quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi 12 balli shkalada 10 ball bo‘lishi kutilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday kunlarda fuqarolar nimalarga ahamiyat berishi kerakligi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashib, uning indeksi 12 balli shkalada 10 ball bo‘lishi, soat 14:00 da 9, 15:00 da 7 va 16:00 da 5 darajaga tushishi qayd etilgan.

Ultrabinafsha nurlaridan qanday himoyalanish kerak?

Bunday paytda quyosh nuri allergik reaksiyalar keltirib chiqarishidan ehtiyot bo‘lish lozim. Xususan, bu kabi noqulay ob-havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi oqibatida fotodermatit kasalligi yuzaga kelishi mumkin.

“Quyosh nurining o‘zi allergen hisoblanmaydi. Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkin”, — dedi tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova.

Oqibatda ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘ va turli toshmalar yuzaga keladi. Ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar kuzatiladi. Qolaversa, ko‘zning shilliq qavatiga ultrabinafsha nurlarining ta’siri kon’yunktivit va keratit, ya’ni shox pardaning yallig‘lanishini ham keltirib chiqaradi.

“Bunday yallig‘lanish zararli nur ta’siridan bir necha soat o‘tgach paydo bo‘lib, ikkisi ham og‘riqli kechadi. Shu bilan birga, ultrabinafsha nurlar kataraktaning rivojlanishiga ham sabab bo‘ladi”, — dedi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov.

Bundan tashqari, nurlanish indeksi yuqori bo‘lgan vaqtda ochiq havoda uzoq vaqt yurish saraton kasalligiga moyillikni oshirib, immunitetni pasaytiradi.

Shu bois bunday kunlarda soat 11:00 dan 16:00 gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tug‘ilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, ko‘zoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyish tavsiya etiladi.