O‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasidan o‘tuvchi noqonuniy yerosti yo‘li qazigan fuqarolarga sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Aniqlanishicha, 2022-yilning 23-iyun kuni Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorlikda tezkor-qidiruv o‘tkazib, unda 2 davlat chegarasidan o‘tuvchi yashirin yerosti yo‘lini fosh etgan.

Dastavval farg‘onalik mahalliy fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda unda tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy bahosi 7 mlrd 603 mln 650 ming so‘mlik 38 turdagi 2707 dona mobil telefon apparatlari topilgan. So‘ngra u vaqtincha yashab kelayotgan Rishton tumanidagi xonadonda Qirg‘iziston hududiga olib o‘tuvchi 10 metr pastlikda, balandligi 2 metr, kengligi 1,2 metr, uzunligi 128 metr bo‘lgan, tushib-chiqish uchun lift bilan jihozlangan yerosti yo‘li borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, u o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaraoldi hududida joylashgan hovli uylardan sotib olib, ularni ko‘cha tomon qismlarini baland devorlar bilan to‘sgan. U yerda chorvachilik tashkil etgan. Qirg‘iz Respublikasi hududidan ham uy olib, honadonda penablok ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. So‘ngra Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi, 1984−1993-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 5 nafar fuqaroni yerosti yo‘li qazishga yollagan.

Yerosti yo‘li qurib bitkazilganidan keyin, u orqali Qirg‘izistondan noqonuniy tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini, xususan, mobil telefon apparatlar, matolar, tibbiyot buyumlari va dori vositalarini O‘zbekistonga, O‘zbekistondan esa ko‘p miqdordagi xorijiy valyuta qimmatliklarini qo‘shni davlatga o‘tkazish bilan shug‘ullangan.

DXXning Farg‘ona viloyat boshqarmasi holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, tergov olib borildi. Sud hukmi bilan mazkur shaxslar Jinoyat kodeksining 182 (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) va 223-moddalari (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish) bilan aybdor deb topildi.

Ularning 3 nafariga 6 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi, qolgan 3 nafariga esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida ashyoviy dalil sifatida olingan 7 mlrd 603 mln 650 ming so‘mga baholangan 2707 dona mobil telefon apparatlari davlat egaligiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, farg‘onalik erkakning uyi ham davlatga o‘tkazildi va ushbu uydagi yerosti yo‘li tegishli tartibda ko‘mib tashlanishi aytildi.