O‘zbekistonda Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik qilgan, sovuq qurolni yoki shunga o‘xshash ashyolarni olib yurganlarga bayonnomalar tuzish va ularni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.

Senatorlar “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunni ko‘rib chiqib, uni ma’qulladi.

“Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlariga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish (bayonnoma tuzish) vakolati berilmagani sababli yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga hal etish uchun yuborilgan. Bu, o‘z navbatida, ortiqcha hujjat aylanishi va, eng asosiysi, fuqarolarning sarson bo‘lishiga olib kelgan”, — deya so‘z borgan majlisda.

Shu vaqtgacha ularning zimmasiga huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, davlat obyektlari, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash, jamoat tartibini saqlash, jamoat joylarida patrullik qilish kabi vazifalar yuklatilgan.

Milliy gvardiya organlari tomonidan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida noqonuniy saqlangan 44 ta pnevmatik va ov quroli, 3202 dona o‘q-dori olib qo‘yilgan.

Keltirilishicha, yangi vakolatlar voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi.

Bunda mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda, ularga jarima jazosini qo‘llash huquqi berilmoqda.

Milliy gvardiya organlari hodimlari ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni qo‘rib chiqishga va jarima jazosini qo‘llashga haqli.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yuqorida keltirilgan o‘zgartishlar kiritilishi munosabati bilan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar bo‘yicha Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish huquqi berilmoqda.