Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘quvchisining onasi tomonidan kaltaklandi. Bu haqda “Bu kun” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, ushbu holat Toshloq tumanidagi 38-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida kuzatilgan. Asli andijonlik bo‘lgan 33 yoshli ayol o‘quvchilarning ko‘z o‘ngida o‘qituvchini haqoratlagan.

Voqea sodir bo‘lgan kuni maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘quvchi qizga maktabga ota-onasi bilan kelishini aytib, talab qo‘ygan. Bu esa qizning onasini g‘azablantirgan. Shundan so‘ng kelib janjal ko‘targan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan 6 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Farg‘ona viloyat sudi sudyasi Dilnoza Xoliqnazarovaning so‘zlariga ko‘ra, apellyatsiya sudini ko‘rish davomida jabrlanuvchi Isroilova o‘quvchining onasi To‘ychiyeva sababsiz sinfxonasiga kirib kelib, voyaga yetmagan o‘quvchilari hamda boshqa o‘qituvchilar oldida qadr-qimmatini kamsitib, sochidan tortib, tan jarohati yetkazganligi, tergov davomida hamda birinchi bosqich sudi mobaynida ularga yarashuv huquqi tushuntirilganligi, ammo biror marta ham To‘ychiyeva undan kechirim so‘ramagani sababli ham u ayolni kechirmasligi haqida ko‘rsatuv bergan. To‘ychiyevaga nisbatan qonuniy jazo qo‘llashni so‘ragan.

Qayd etilishicha, To‘ychiyeva apellyatsiya sudida oilaviy sharoiti hamda vaqtincha ishsiz bo‘lgani uchun jarimani to‘lay olmasligini aytgan. Lekin uning o‘qituvchidan kechirim so‘ramagani va jabrlanuvchiga zarar miqdori qaytarilmagani tufayli sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.