May oyida havo haroratining barqaror o‘sishi davom etadi, aprel oyiga nisbatan o‘rtacha 4−6 daraja iliqroq bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidromet xizmati agentligi ma’lumot berdi.

Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, ushbu yilda may quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi. Xususan, 1-may kuni havo harorati +30…+33 daraja atrofida bo‘ladi. So‘ngra hafta davomida havo harorati biroz pasayadi va kunduzi +23…+28 darajani tashkil etadi.

O‘n kunlikning eng oxirida esa harorat yana ko‘tarila boshlaydi. Keyinchalik may oyining oxirigacha harorat kechalari +10…+13 darajadan +17…+20 darajagacha, kunduz kunlari +22…+25 darajadan +32…+35 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

1-maydan 10-maygacha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi mumkin, faqat 4-may kuni shimoli-g‘arbiy hududlarda, 6−7-may kunlari respublikaning qolgan hududlarida asosan momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin. Umuman olganda, may oyida yog‘ingarchilik me’yordan kam, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

“Ammo shuni esdan chiqarmasligimiz joizki, may oyida ob-havo o‘zgaruvchandir. Ko‘pincha may oyida kuchli jala yomg‘irlar yog‘adi, bunda bir necha soat ichida oylik yog‘ingarchilik me’yorining yarmigacha yoki undan ko‘p qismi yog‘ishi kuzatiladi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuchli jala yomg‘irlar yog‘ib o‘tishi, ayniqsa, xavflidir. Ular sel kabi tabiiy hodisaning shakllanishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixiga ko‘ra, juda kamdan-kam hollarda may oyida kunduzgi harorat +13…+18 darajagacha pasayadigan kunlar kuzatiladi. Respublika hududining katta qismida 1989-yilning may oyi boshida kechalari sovuq kuzatilgan. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng kechki sovuqlardir.