1-mayda o‘tkazilgan brifingda so‘zga chiqqan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kuzatuvchilari missiyasi xulosasiga ko‘ra, 30-aprel kuni O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi bo‘yicha referendum “yuqori tashkiliy saviyada, erkin va ochiq muhitda, amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘tdi”.

“Referendum tashkilotchilari fuqarolarga o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish imkoniyatini yaratdi”, — deyiladi hujjatda, undan parchani Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda MDH bosh kotibi va missiya rahbari Sergey Lebedev o‘qib eshittirdi.

“Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuqori saviyada tashkil etilgani aniq. Ovoz berishni tashkil etish borasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ryapmiz. (Xususan), yuqori texnologik uskunalar va butun kampaniyaning yuqori darajada axborot yoritilishi”, — dedi u.

“Men G‘arb ommaviy axborot vositalarida bu yerda axborot yoritilishi yomon ekani, odamlar nimaga ovoz berayotganini bilmayotgani haqidagi xabarlarni ko‘rdim. Lekin bu tanqidlar to‘liq yolg‘on ekanini hayot ko‘rsatdi va buni faktlar tasdiqlaydi. O‘zbekiston fuqarolari o‘zgartishlarni muhokama qilishda ishtirok etish uchun to‘liq imkoniyatga ega bo‘ldi”, — dedi Sergey Lebedev.

“Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini diqqat bilan kuzatgan missiyamizning barcha a’zolari bu yerda axborot qanday keng yoritilganini ko‘rdi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Ovoz berganlarning 90 foizi ushbu tuzatishlar kiritilishini yoqlab, 9 foizigina o‘zgartishlarga e’tiroz bildirgani xalqning mazkur tuzatishlar kiritish maqsadga muvofiqligi va zarurligini to‘liq anglab yetganidan dalolatdir”, — dedi missiya rahbari.

“Kecha men Jizzax viloyatida ham, Toshkent shahrida ham ko‘plab saylov uchastkalarida bo‘lib, jurnalistlarning savollariga javob bergan bir qancha ovoz beruvchilarning tilidan shaxsan o‘zim „Ha, men ongli ravishda ushbu tuzatishlar uchun ovoz beryapman, chunki ularda mamlakatda demokratiyani mustahkamlash, ko‘plab toifadagi fuqarolarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash uchun ushbu tuzatishlar kiritilmoqda va olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi“, deganini eshitdim”, — dedi MDH bosh kotibi.

“Televideniye va radiolardagi munosabatlar, yoshlarning ham, keksa avlod vakillarining ham fikrlari odamlar ushbu o‘zgartishlar zarurati va mohiyatini tushunib, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar uchun ovoz berganini tasdiqladi”, — dedi u.

“Ochig‘ini aytganda, kuzatuvchilarimiz O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligining buzilishi yoki ovoz berishda hech qanday to‘siqlarni aniqlamadi”, — dedi Sergey Lebedev.

Saylovchilarning yuqori ishtiroki — qariyb 85 foiz — fuqarolarning yangi tahrirga befarq emasligidan dalolat beradi, “bu juda yuqori faollik”, dedi u.

Sergey Lebedev saylov komissiyalari a’zolarining “savodxonligi va malakasi”, shuningdek, ularning maxsus treninglar tarzida tashkil etilgan yaxshi tayyorgarligini ta’kidlab o‘tdi.

MDH missiyasi 12-apreldan referendum o‘tkazish bo‘yicha kampaniyani kuzatishni boshlagan. 8 nafar kuzatuvchi — MDH Ijroiya qo‘mitasi xodimlari uzoq muddatli asosda ishladi. Hamdo‘stlikka a’zo 8 davlatdan qisqa muddatli kuzatuvchilar referendumdan ikki kun oldin O‘zbekistonga keldi.

Missiyada jami 95 nafar kuzatuvchi bor edi. Lebedevning ta’kidlashicha, bu referendumdagi barcha kuzatuvchilarning (380 dan ortiq) to‘rtdan birini tashkil etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular — MDH mamlakatlari markaziy saylov komissiyalari raislari va a’zolari, parlament deputatlari, diplomatik korpus vakillari “kuzatuv tajribasiga ega bo‘lgan professional odamlar”.

Dushanba kuni Sergey Lebedev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. U Hamdo‘stlik bosh kotibi va missiya a’zolariga “mamlakatning barcha hududlarida faol ishlagani hamda referendumning borishi va natijalariga yuksak baho bergani uchun” samimiy minnatdorlik bildirdi.

Suhbat chog‘ida “referendum yakunlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish va mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni davom ettirishda muhim bosqich bo‘lishiga ishonch bildirildi”