“Surxon” davlat qo‘riqxonasidan Buxoro tog‘ qo‘yining bolasini noqonuniy olib ketishga uringan ikki erkak ushlandi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda DXX chegara qo‘shinlari xodimlari tomonidan “Surxon” davlat qo‘riqxonasida tezkor reyd tadbiri o‘tkazilgan. Tadbir davomida qo‘riqxonaning “Vandob” bo‘limi “Go‘rdara” massivi qo‘riqlash zonasida ikki fuqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan Buxoro tog‘ qo‘yining bir bosh bolasini noqonuniy olib ketayotganida qo‘lga olingan.

Tezkor surishtiruvlar natijasida huquqbuzarlar Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi “Xo‘jamahmud” mahallasida yashovchi A. J. va “Chuchuqquduq” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro G‘. J. ekanligi aniqlangan.

“Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, bir bosh Buxoro tog‘ qo‘yi bolasi huquqbuzarlardan olib qo‘yildi. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 82-moddasi 1-qismi (Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish)ga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Qayd etilishicha, Buxoro tog‘ qo‘yining bolasi hozirda qo‘riqxonada veterinariya nazorati ostida saqlanmoqda. Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.