Oliy Majlis Senati kengashining navbatdagi majlisida qirqinchi yalpi majlisini 3-may kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidan.

Shuningdek, yalpi majlisda “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Dushanbe, 2021-yil 10-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ham muhokama qilinadi.