1-may kuni Tashkent_land Telegram-kanalida 24-sonli “gormoshka” avtobusining tom qismidagi gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamasi yo‘lning qatnov qismiga tushgani aks etgan surat va video joylashtirildi.

“Toshshahartransxizmat” AJning ma’lum qilishicha, ushbu avtobus ertalab Yunusobod tumanida avtobuslar uchun ajratilgan yo‘lakda ketayotgan vaqtda, diametri taxminan 50−60 sm bo‘lgan daraxt avtobusning tom qismida joylashgan gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplamasiga tekkan. Natijada mazkur himoya qoplamasini qo‘porib yuborgan.

Hodisa sabab avtobusning tom qismi texnik shikastlanib, gaz ballonni himoyalab turuvchi qoplama shikastlangan. Holatda tan jarohati olganlar yo‘q. Hozirda Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga murojaat qilinib, kamchiliklar bartaraf etilgan, deyiladi xabarda.

Keyinroq o‘sha kanal yangi videolarni ham e’lon qildi, unga ko‘ra, 26-aprel kuni 93-yo‘nalish avtobusida ham xuddi shunday voqea sodir bo‘lgan. Unda avtobusdan tushib ketgan korpus avtomobilning old qismiga tegib ketgan.