Toshkentda o‘tkazilgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 28-aprel kuni “Suv resurslarini kompleks boshqarish: qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” mavzusida panel munozarasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, tadbirga BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska moderatorlik qilgan. Shuningdek, sessiyada Shveysariya elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari, hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Reyxel Besh, O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov, Boston Consulting Group boshqaruvchi direktori va hamkor Igor Aleksev, Synergy Consulting hamkori Chetan Kapur, ACIR Janubiy Yevropa bo‘yicha vitse-prezidenti Egor Junyayev va boshqalar spiker sifatida ishtirok etgan.

“Mutaxassislarning fikricha, 2040−2050-yillarga kelib, suv resurslariga talab ortib borishi jahon iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlarga olib kelishi muqarrar. Jahon meteorologiya tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2050-yilga borib Yer yuzida 5 mlrddan ortiq odam u yoki bu darajada suv tanqisligini boshdan kechiradi. Panel sessiya ishtirokchilari suv tanqisligi qishloq xo‘jaligi va umuman iqtisodiyotni rivojlantirish uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkinligini ta’kidladi”, — deyiladi axborotda.

Qayd etilishicha, ekspertlar Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi va oziq-ovqat xavfsizligi uchun suv resurslarini kompleks boshqarishning ahamiyatini muhokama qilgan. Bundan tashqari, sessiya kun tartibidan suv resurslarini kompleks boshqarish mexanizmlarini samarali joriy etish bo‘yicha ko‘riladigan chora-tadbirlar masalasi ham o‘rin olgan.

Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga suv resurslarining 80 foizi boshqa davlatlardan oqib keladi, atigi 20 foizi mamlakatda hosil bo‘ladi.

“Bundan 30−40 yil avval yaratilgan infratuzilma esa jiddiy modernizatsiyani talab qiladi. Suv resurslari bilan ta’minlanish kamayib, yangi obyektlar va aholi soni ko‘payib bormoqda. Bu esa suv resurslarining yangi miqdori va sifatini talab qiladi. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilga borib bizga 7 mlrd kub metr suv yetishmaydi. Suvdan oqilona foydalanish zarur”, — deyiladi vazirlik rasmiy ma’lumotida.

Boston Consulting Group boshqaruvchi direktori va hamkor Igor Aleksev o‘z taklifini bildirarkan, O‘zbekistonda suvni tejash bo‘yicha barcha tashabbuslarni amalga oshirish uchun taxminan 19 mlrd dollar sarmoya talab etilishini qayd etdi.

“Shundan 4 mlrd dollar nasos stansiyalari va 6 mlrd dollarga yaqini xo‘jalik subyektlariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda subsidiyalar uchun ketadi. Moliya hamda Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan birgalikda ushbu kanallar funksiyasini baholagan holda kanallar tizimining modelini ishlab chiqdik. Eng muhimi esa, ma’lum bir hududda suvni iqtisodiy ta’minlash tizimini ishlab chiqish”, — degan Igor Aleksev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika hududlarida suv resurslarining qo‘shimcha hajmlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ustuvor bo‘lishi kerak. Bular yangi to‘g‘onlar va yangi suv omborlari degani.

“Panel sessiya ishtirokchilari bunday mexanizmlarni amalga oshirish uchun to‘g‘ri huquqiy va institutsional shart-sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladilar. Tadbirda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi. Mutaxassislar suv resurslaridan foydalanishni yaxshilash, qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish texnologiyalari va usullarini takomillashtirish zarurligini ta’kidladilar”, — deyiladi vazirlik axborotida.