Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — tarixchi, Sharqiy Angliya universitetida associate professor bo‘lib ishlayotgan Sherzod Mo‘minov.

Mutolaa haqida

Kitob nafaqat ilm manbai, balki fikrni rivojlantirish, aqlni charxlash, dunyoqarashni kengaytirish vositasi hamdir. Amaliy nuqtai nazardan, kitob o‘qish til o‘rganish, ma’lumotlarni tahlil qilish, ilmiy yoki ommabop tekstlar yozish kabi ko‘nikmalar hosil qilishda ko‘makchi bo‘ladi. Turli janr va uslubda yozilgan kitoblar o‘qish kitob yozishda ham juda foydali: nafaqat ingliz va boshqa chet tillarini, balki kitob yozishni aynan badiiy va boshqa asarlar o‘qish orqali o‘rganganman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir nafasda o‘qiladigan matn yozish qanchalik qiyinligi, yozuvchi mehnatini qadrlash muhimligini tushunganman. O‘zim kitob yozib, chop qila olishimga bo‘lgan ishonch, yozishda asqatgan bilimlarni aynan o‘qish orqali shakllantirganman. Kitobimni yozish jarayonida unga o‘quvchi nazari bilan qarash muhimligini ham.

Kunimni odatda kitob o‘qishdan boshlayman. Ertalab darsim bo‘lmagan kunlari, bir piyola achchiq qora qahva bilan, derazadan tushib turgan tong yorug‘ida kitob o‘qiyman. Bu jarayon oldinda turgan kunim uchun nihoyatda muhim — shu tarzda miyamni uyg‘otaman. Nonushta tanamga ozuqa berganidek, kitobdagi so‘zlar aqlimga quvvat bo‘ladi. Yaxshi kitob kayfiyatimni ko‘taradi, tasavvurimni mashq qildiradi.

Qanday kitobligiga qarab, kitoblarni turlicha o‘qiyman. Kasbim kitob o‘qish (va yozish) bo‘lgani uchun xohlagan bir paytda bir nechta kitob o‘qiyotgan bo‘laman.

Ilmiy tadqiqotim uchun o‘qiydigan kitoblarimdan tashqari (bularni odatda qisman o‘qiyman, boshidan oxirigacha o‘qib tugatishga vaqt yetmaydi), ilmiy jurnallar iltimosiga ko‘ra taqriz yozish uchun o‘qiladigan kitoblar ham bor. Ishdan tashqari vaqtda albatta bitta badiiy kitob o‘qiyman. Ilmiy kitoblarni, u kitob meniki bo‘lsa (ya’ni, kutubxonadan olingan bo‘lmasa), muhim yoki tadqiqotimda ishlatishim mumkin bo‘lgan gaplarning tagiga qalam bilan chizib o‘qiyman. Oldinlari, ayniqsa yangi kitob sotib olganimda, bunday qilishga qo‘lim bormasdi, ammo yillar o‘tib, o‘qilgan kitoblarning aksariyat qismi xotirada qolmasligiga amin bo‘lganman. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, o‘rganganlarimning ko‘pi elakka quyilgan suvdek xotiradan chiqib ketadi. Shu sabab, vaqt o‘tib yana kitobni ochganimda eslashim kerak bo‘lgan qismlarining tagiga chizaman. Kitobga jabr bo‘lmasin deb, yumshoq qalam bilan, keyin o‘chirsa bo‘ladigan qilib chizaman.

Oxirgi yillarda kitoblarni asosan ingliz tilida o‘qiyman, lekin o‘zim o‘rganayotgan chet tilida kitoblar o‘qib turishga harakat qilaman. Boshida qiyin bo‘lishiga qaramasdan, lug‘at yordamida, sabr bilan o‘qib borilsa, oradan vaqt o‘tib til bilimini kitob o‘qish orqali oshirish mumkinligiga ishonaman. Misol uchun, yapon tilida roman o‘qishni boshlaganimda, har ikki gapda bir lug‘at titkilash qiyin bo‘lardi, bu jarayonda roman o‘qishdan olinadigan zavq ham deyarli yo‘qqa chiqardi. Ammo so‘z boyligim ortib borgani sari, lug‘atga murojaatlarim kamaya bordi, hozirda juda qiyin romanlardan tashqari uncha-muncha kitoblarni deyarli lug‘atsiz o‘qiy olaman. Muhimi, bo‘sh kelmasdan, muntazam o‘qib borish.

Hozir o‘zbek tiliga ko‘plab kitoblar tarjima qilinmoqda. Bu albatta yaxshi. Ammo dunyoning asosiy tillarida, eng kamida ingliz tilida kitoblarni bemalol o‘qiy oladigan yoshlarimiz ko‘paygani yaxshi. Tarjimalar ko‘payaveradi, ammo ular hamisha son va sifat jihatidan original kitoblardan orqada yurishi tabiiy. Hozirgi zamonda kitob do‘koniga ham bormasdan, elektron formatda xohlagan kitobni sotib olish mumkin. Tilni bilish o‘quvchiga tarjima chiqishini kutib o‘tirmasdan, o‘zi xohlagan bilimni xohlagan paytida o‘qib-o‘rganish imkonini beradi.

Yaqin bir yilda o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Quyida yaqin o‘tmishda o‘qigan kitoblarim orasidan menga yoqqan bir nechtasini keltiraman. Tarixchi bo‘lganim uchun, bularning ko‘pi sohamga oid kitoblardir, ammo orasida umumiy mavzularga doir va badiiy asarlar ham bor.

Edward Posnett. Strange Harvests: The Hidden Histories of Seven Natural Objects. Viking Press nashriyoti, 2019-yil. 323 sahifa

kitob, kitobxonлiк, мuтолаа, нiма o‘qiymiz, tavsiyalar, шерзод мўмiнов

Ba’zida kutubxona yo kitob do‘konida biror bir kitob nomi yoxud muqovasiga qarab qo‘limga olaman, birinchi sahifasini o‘qiyman. Ko‘pincha joyiga qaytarib qo‘yaman — kitob yoqmagani uchun emas, balki o‘qib tugatishim kerak bo‘lgan kitoblar haddan tashqari ko‘pligi sabab. Ammo Posnettning “G‘alati hosillar” asari ilk satrlaridan diqqatimni tortgan: kitobning birinchi bobi islandiyalik aholi va shimol o‘rdaklari o‘rtasida yozilmagan “shartnoma” haqida hikoya qiladi.

Pati nihoyatda nozik va qimmatbaho bo‘lgan o‘rdaklarni tuxum qo‘yish payti yirtqichlardan asragan odamlar qushlar ketgach, inlarda qolib ketgan noyob patni yig‘ib, sotib kun kechiradi. O‘rdaklar ham ulardan cho‘chimay, ishonch bilan polaponlarini dunyoga keltiradi. Shimol o‘rdagining pati shunday “g‘alati hosillar”dan biri bo‘lib, jahon bozorida narxi juda baland. Kitobda yana olti turdagi shunday noyob va “g‘alati” hosillar haqida hikoya qilinadi.

Tim Harper. Underground Asia: Global Revolutionaries and the Assault on Empire. Penguin nashriyoti, 2021-yil. 864 sahifa

kitob, kitobxonлiк, мuтолаа, нiма o‘qiymiz, tavsiyalar, шерзод мўмiнов

Kembrij universiteti tarixchi professori, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bo‘yicha mutaxassis Tim Harperning salmoqli bu asari o‘tgan asr boshlarida Yevropa mustamlaka tizimlariga qarshi chiqqan Osiyodagi inqilobchilar haqida. Sanoat inqilobi va texnologiyalar rivoji natijasida yuzaga kelgan yangi dunyoni goh erkin, goh maxfiy kezgan bu qo‘zg‘olonchilar o‘z millatlarining chet ellik “og‘alar”dan erkin bo‘lishi yo‘lida jonlarini ham berishga tayyor bo‘ladi. Harper bu ishi bilan shu paytgacha Yevropani dunyo markaziga qo‘yib kelgan tarixga tanqidiy nazar tashlab, imperiyalarning yemirilishida mustamlaka yurtlarning jasur vakillari sa’y-harakatlari, ularni bog‘lab turgan xalqaro rishtalarni turli tildagi arxivlarga asoslab yoritib bergan.

Anna Sherman. The Bells of Old Tokyo: Travels in Japanese Time. Picador nashriyoti, 2019-yil. 352 sahifa

kitob, kitobxonлiк, мuтолаа, нiма o‘qiymiz, tavsiyalar, шерзод мўмiнов

Shaharlarga mehrim bo‘lakcha. Ular haqidagi kitoblarni ham sevib o‘qiyman. Shaharlar ichida Tokioni boshqacha yaxshi ko‘raman. Bu ajoyib kitobda Tokioda yashovchi amerikalik yozuvchi Anna Sherman shahar tarixi va bugunini uning eski ibodatxona qo‘ng‘iroqlari orqali so‘zlab beradi. Gavjum metropolisning yashirin burchaklaridan moziy izlarini qidirgan Sherman har qadami tarixiy ahamiyatga ega ko‘chalar, eski binolar va ular bilan chambarchas bog‘liq inson taqdirlarini mohirona hikoya qiladi. Shermanning mahorati orqali Tokioni yaxshi bilgan o‘quvchi ham, u yerda biror marta bo‘lmaganlar ham qavat-qavat tarix ostidan bizgacha yetib keladigan qo‘ng‘iroq ovozlarini tinglaydi, uzoq o‘tmish insonlari his qilgan tuyg‘ularu qayg‘ularga sherik bo‘ladi.

Dave Eggers. The Every. Vintage Press nashriyoti, 2021-yil. 580 sahifa

kitob, kitobxonлiк, мuтолаа, нiма o‘qiymiz, tavsiyalar, шерзод мўмiнов

Ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizdagi o‘rni ortib borayotganidan havotirlanishimiz lozimmi? Amerikalik yozuvchi Eggersning yangi romani zamonamizni hajv qiladi. Unda The Every degan texnologik kompaniya — uni Facebook, Apple va Amazon’ning yig‘indisi desa bo‘ladi — dunyoni egallab olishi qiziqarli qahramonlar hayoti orqali yoritilgan.

Jonathan Haslam. Spectre of War: International Communism and the Origins of World War II. Princeton University Press nashriyoti, 2021-yil. 504 sahifa

kitob, kitobxonлiк, мuтолаа, нiма o‘qiymiz, tavsiyalar, шерзод мўмiнов

Kembrijning yana bir tarixchi professori Jonatan Haslam — Sovet Ittifoqi tarixi bo‘yicha mutaxassis. Turli davlatlar arxivlarida olib borilgan tadqiqotlari natijasi bo‘lmish bu kitob ikki jahon urushi orasida Yevropa davlatlari yetakchi sinf vakillarining Sovet Ittifoqi va kommunizmdan xavotiri haqida hikoya qiladi. Bu xavotir shunchalik kuchli va keng tarqalganki, kommunizmni asosiy dushman deb bilgan Yevropa 1933-yili Germaniyada hokimiyat tepasiga kelgan Hitlerga nisbatan ham bu darajada jiddiy yondashmaydi. Ikki zulm orasidan eng xavflisi deb ular Sovet Ittifoqini tanlaydi.

Kitob nafaqat yaxshi yozilgan — u shu davrgacha G‘arb davlatlarida hukm surib kelgan paradigma, ya’ni butun Yevropa natsizmga qarshi bo‘lgan, degan g‘oyani so‘roq ostiga oladi. Haslamning xulosasi shuki, kommunizmdan cho‘chigan G‘arb haqiqiy xavf bo‘lmish fashizmni jiddiy qabul qilmaydi.

Yu Miri. Tokyo Ueno Station. Tilted Axis Press nashriyoti, 2019-yil. 197 sahifa

kitob, kitobxonлiк, мuтолаа, нiма o‘qiymiz, tavsiyalar, шерзод мўмiнов

Yapon imperiyasi davrida mustamlaka Koreyadan Yaponiyaga ko‘chgan koreyslar avlodidan bo‘lmish yapon yozuvchisi Yu Mirining “Tokio, Ueno bekati” romani Yaponiya va dunyoda oxirgi yillarda eng ko‘p o‘qilgan asarlardan bo‘ldi. Roman Tokioning Ueno parkida uysiz tilanchi bo‘lib kun ko‘radigan, yoshi o‘tgan erkakning qiynoqli xotiralariga asoslangan. Bosh qahramon Kazu asli Fukushima viloyatidan (2011-yilgi tabiiy ofatdan so‘ng Yu Mirining o‘zi ham Fukushimaga ko‘chib o‘tib, talofat ko‘rgan shaharlarning birida yashay boshlagan); tasodifga ko‘ra, uning o‘zi imperator Akixito bilan bir yilda, o‘g‘li esa Akixitoning o‘g‘li (hozirgi imperator) Naruxito bilan bir kunda tug‘ilgan. Taqdir zarbalari va oilaviy fojia mehnatkash Kazuni uysizlikka yetaklaydi. Yu Miri imperator oilasiga tutash bu taqdir orqali zamonaviy yapon jamiyatida o‘sib borayotgan tengsizlikni tanqid qiladi. Ajoyib va ayni vaqtda ayanchli roman.

Timothy Brook. Vermeer’s Hat. Bloomsbury Press nashriyoti, 2007-yil. 288 sahifa

kitob, kitobxonлiк, мuтолаа, нiма o‘qiymiz, tavsiyalar, шерзод мўмiнов

Xitoy tarixi bo‘yicha mutaxassis Timoti Bruk ushbu ommabop kitobida XVII asr Hollandiyasida yuz bergan sanoat va savdo inqilobi orqali globallashuv jarayoniga nazar soladi. Bruks bu davrda ijod qilgan hollandiyalik musavvir Yan Vermeyerning olti asari orqali globallashuv tarixi — uzoq o‘lkalarga sayohat, savdo-sotiqning kengayishi, Yevropa imperiyalari orasida savdo huquqi va mustamlakalar ustida raqobat, Osiyodan kirib kelgan buyumlarning yangi davr Yevropasi shakllanishidagi o‘rni kabi murakkab jarayonlarni qiziqarli tarzda hikoya qiladi. Sanoat va savdo rivojlanishi oqibatida yuzaga kelgan yangi dunyo Timoti Bruk qalami ostida ko‘z o‘ngimizda asta-sekin gavdalanadi.

Yoshlarga tavsiyalarim

Qiziqishlar xilma-xilligidan tashqari, kundalik hayot, ish, dars va oilaga sarflanadigan vaqtdan ortib kitob o‘qish hamisha ham oson emas. Ishi va turmush sharoitiga ko‘ra kitoblardan yiroq yashaydigan insonlar ham bor. Shunday insonlarga ham o‘zingiz uchun qiziq bo‘lgan birorta kitobni o‘qib ko‘ring, degan bo‘lardim. Shunchaki vaqt o‘tkazish yoki kitobdagi voqealarga qiziqishdan tashqari, fikrlashingizga ijobiy ta’sir qiladi. Dunyoga teranroq qaraysiz.

Yana bir tavsiyam: keng mavzularda, mutaxassisligingizdan uzoq sohalardagi kitoblarni o‘qing. O‘zingiz yaxshi tushunmagan mavzu yoki jarayonlarni sodda va qiziqarli tushuntirgan kitoblar talaygina. Ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan narsalarni tasavvur oynasida aks ettira oladigan ajoyib yozuvchilarning asarlarini o‘qing.

  • Mark AvreliyningO‘ylari”, SenekaningLutsiliyga xatlarini tavsiya qilaman. Stoiklar falsafasi namoyandalari hisoblangan Rim imperatori Mark Avreliy va faylasuf Seneka, zamondoshlaridan farqli o‘laroq, falsafaga bahslarda g‘olib chiqish yoki chiroyli nutq so‘zlashda bir vosita sifatida qaramagan. Stoiklar uchun falsafa hayot mashaqqatlarini yengib o‘tish, donishmandlikka yetishish, tabiat bilan uyg‘unlashishga yetaklovchi yo‘l edi.
  • Ingliz tilidagi yangi davr tarixi asoschilaridan biri Erik Xobsbom asarlarini, ayniqsa, uning 200 yillik yangi tarixni qoplagan to‘rtligini zamonaviy dunyoning shakllanishiga qiziqadigan barcha o‘quvchilarga tavsiya qilaman. Xobsbomning bilim doirasi nihoyatda keng, ammo uning asarlari murakkab jarayonlarni oson ta’riflay olishi bilan diqqatga sazovor.
  • Hozirda ingliz tilida badiiy asar yozadigan adiblar ichida, nazarimda, amerikalik Kormak Makkartiга teng keladigani yo‘q. Makkarti romanlari AQSh tarixiga asoslangan, dahshatli voqealar va ayovsiz tabiat qo‘ynida, uzun yo‘lda sarguzashtlar va mashaqqatlarni yengib o‘tadigan qahramonlarga boy asarlardir. Uning eng mashhur romani “Yo‘l” (“The Road”) esa tarix emas, insoniyatni kutayotgan dahshatli kelajakni tasvirlaydi — bir paytning o‘zida qo‘rqinchli va umidli, ajoyib romandir. Makkartining “Yo‘l”ini ilk o‘qiganimda, u yozgan har bir satrni o‘qib chiqishga o‘zimga o‘zim va’da berganman.
  • Janubiy afrikalik yozuvchi Jon Maksvell Kutzeye ham shunday yozuvchidir.

Bulardan tashqari, yillar davomida o‘qigan kitoblarim orasidan quyidagi kitoblarni odatda do‘stlarimga tavsiya qilaman. Bularning har biri menga qadrdon bo‘lib qolgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi; har biri haqida yuzlab so‘z yozishim mumkin edi. Yoshlarimiz shular orasidan yangi asar yoki yangi muallif kashf qilishsa, juda xursand bo‘laman:

  • Orhan Pamuk. “İstanbul — Hatıralar ve Şehir”, “Masumiyet Müzesi”;
  • John Dower. “Embracing Defeat: Japan in the Aftermath of World War II”;
  • Margaret Atwood. “The MaddAddam Trilogy (Oryx and Crake; The Year of the Flood; MaddAddam)”;
  • Murakami Haruki. “The Wind-Up Bird Chronicle”; “What I Talk About When I Talk About Running”;
  • W. G. Sebald. “Austerlitz”; “Rings of Saturn”;
  • Aleksandr Soljenitsin. “Arxipelag GULAG”;
  • David Mitchell. “The Thousand Autumns of Jacob de Zoet”;
  • Cal Newport. “Deep Work: Rules for Focused Success in a Distracted World”;
  • John McPhee. “Draft No. 4: On the Writing Process”;
  • China Mieville. “The City and the City”;
  • John le Carré. “A Perfect Spy”; “The Spy Who Came In From the Cold”;
  • Jeffrey Eugenides. “The Marriage Plot”;
  • Vladimir Sorokin. “Den oprichnika”;
  • Alain de Botton. “Essays in Love”;
  • Neil MacGregor. “A History of the World in 100 Objects”;
  • Arkadiy i Boris Strugatskiye. “Za milliard let do konsa sveta”, “Piknik na obochine”;
  • John Updike. “Rabbit Angstrom novels”;
  • Olivia Laing. “The Lonely City”;
  • Tawada Yōko. “The Last Children of Tokyo”;
  • Jonathan Franzen. “The Corrections”;
  • Timothy Snyder. “Bloodlands: Europe between Hitler and Stalin”;
  • Tony Judt. “The Memory Chalet”;
  • E. L. Doctorow. “Ragtime”;
  • John Fowles. “The Collector”;
  • Abe Kōbō. “Ark Sakura”;
  • Yoshida Kenkō. “Essays in Idleness (Tsurezuregusa)”.

Tavsiyalar so‘ngida o‘zimning o‘tgan yili chop qilingan kitobimga ham havola qoldirsam. Kitob 1945−1956-yillar oralig‘ida Sovet Ittifoqida asirlikda bo‘lgan 600 mingdan ortiq yapon askarlarining taqdiriga bag‘ishlangan. PhD dissertatsiya sifatida boshlangan bu kitobni yapon, rus va ingliz tillaridagi arxiv manbalari va xotiralarga asoslanib yozganman.