27-aprel kuni Open budget axborot portali ichidagi “Mening yo‘lim” loyihasiga taklif kiritish bosqichi yakunlandi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Tuman (shahar) budjetlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun rejalashtirilgan mablag‘larning kamida 50% qismini fuqarolar fikri asosida yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu mavsumda respublika bo‘yicha 10 317 ta tashabbusli taklif ro‘yxatga olindi.

Kiritilgan takliflarga ovoz berish jarayoni 28-aprel kuni boshlanib, 7-may kuni soat 18:00 ga qadar davom etadi.

17-apreldan Open budget portalida “Mening yo‘lim” loyihasining 2023-yilgi mavsumi uchun arizalar qabuli boshlangandi. Loyihaga 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.

Bu tizim “Tashabbusli budjet” jarayonlaridan farqli o‘laroq bir yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

Ushbu jarayonlar bevosita Open budget axborot portali orqali amalga oshiriladi. Bunda axborot portaliga ichki yo‘llarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, ta’mirtalab) va boshqa ma’lumotlari to‘liq kiritiladi hamda fuqarolar ichki yo‘llar reyestridan geoma’lumotlar asosida tegishli ichki yo‘lni tanlash orqali o‘z takliflarini qoldirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.