Qoraqalpog‘istonlik musiqachilar Germaniya, Belgiya va Niderlandiya davlatlarida 11 — 28-aprel kunlari “Orol dengizi shamollari” nomli ijodiy safarda bo‘ldi. Unda yosh iste’dodli baxshi Azada Karlibay va sozanda Gumisay Berdixanlar qoraqalpoq epik merosining eng mashhur dostonlari — “G‘arip-ashiq” (Oshiq G‘arib), “Sayatxan-Xarme” (Sayatxan va Hamra), “Bazergen” (Bazirgan) “Alpamis”dan parchalar hamda xalq qo‘shiqlaridan iborat 10 dan ortiq konsert va mahorat darslarini aynan qoraqalpoq tilida ijro etdi.

Ijodiy safar OXUS Culture nodavlat tashkilotining O‘zbekiston madaniyatini xalqaro maydonga tanitishdagi “Alba Kultur” xalqaro musiqa byurosi bilan birgalikda navbatdagi hamkorlik loyihasi hisoblanadi.

Tashkilot rahbari Husniddin Atoning “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda ta’kidlashicha, “Orol dengizi shamollari” qoraqalpoq baxshichilik yo‘nalishidagi Yevropada eng uzoq davom etgan professional konsert bo‘lishi mumkin. 11-apreldan 28-aprelgacha davom etgan ijodiy safar 10 ta konsertni o‘z ichiga olgan: Germaniyada 8 ta, Belgiya va Niderlandiyada bittadan. Konsertlar davomiyligi 1−1,5 soatni tashkil etgan. Bundan tashqari, maktablarda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston madaniyati haqida tanishtiruv-mahorat darslari ham o‘tilgan.

“„Orol dengizi shamollari“ dunyo musiqasining Yevropadagi shinavandalarini yana bir bor Markaziy Osiyo, shuningdek, o‘zbek va qoraqalpoq zaminiga xayolan sayohat qilishlari, bu orqali esa Orol dengizi fojiasidan boxabar bo‘lishlariga sabab bo‘ldi”, — deydi Husniddin Ato.

U loyihaning o‘ziga 2 yil, sozanda va musiqachilar bilan esa 1 yil tayyorgarlik ko‘rilgani va jarayon oson kechmaganini aytdi.

“Iste’dodlar birdan topilmaydi. Uzoq vaqt kuzatiladi, surishtiriladi, professional mutaxassislarning tavsiyalariga quloq solinadi. Azada Karilbay va Gumisay Berdixanlar ham qoraqalpoq musiqasi bo‘yicha professional mutaxassislarning tavsiyasi bilan tanlangan. Odatda, xorijdagi nomoddiy madaniy meros targ‘ibotidagi har bir safarga kamida bir yil, ko‘pida 4, 5, hatto 10 yillab tayyorgarlik bo‘ladi. Bu jarayon ijodkorlar va ularning ijod namunalarini xalqaro sahnaga tayyorlashdan iborat. “Orol dengizi shamollari”ga ikki yil tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘risi, oson bo‘lmadi. Masofalar uzoq, ular Nukusda, men Toshkentda edim. Ammo qizlar buni uddalashdi”, — deb ta’kidladi Husniddin Ato.

Husniddin Ato safar nega “Orol dengizi shamollari” deb nomlanganiga to‘xtalib o‘tar ekan, loyiha nomi orqali o‘sha hudud aholisining madaniy merosi, turmush tarziga, ijro orqali esa Orol dengizi fojiasi, u yerdagi ekologik holatga odamlarning diqqatini qaratish maqsad qilinganini bildirdi.

“Ijrolarda Orol dengizi madh etilgan hech qanday asar yo‘q edi. Biz biror fojiani ham ko‘rsatmadik. Bir holatga odamlarning diqqatini qaratish uchun aynan o‘sha muammoni ko‘rsatish shart emas. San’atkorlarning aynan o‘sha hududdan ekanining o‘zi katta faktor edi. Nom orqali ijroga, ijro orqali ekologiya muammosiga diqqatni qaratishni istadik”, — deydi OXUS Culture tashkiloti rahbari.

Uning ta’kidlashicha, qoraqalpoq san’ati Yevropada iliq kutib olindi.

“Yevropa dunyoning barcha hududlaridagi san’atga ochiq. Ular ko‘plab xalqlarning ijod namunalarini eshitib ko‘rishga doim tayyor. Tinglovchilar qoraqalpoq epik merosi va xalq qo‘shiqlarining juda ajoyib va o‘ziga xosligi, avval eshitib ko‘rmagani, so‘zlarini tushunmasa-da, ijro jarayoni orqali dostonlarni miyalarida shakllantirib tushunishganini aytishdi”, — deydi Husniddin Ato.

Uning ta’kidlashicha, ijodiy safarda epik meros ijro etilgani uchun asosiy urg‘u so‘zga qaratilgan. Shuning uchun ularni tinglovchilarga ingliz yoki nemis tillarida tushuntirib o‘tishga ham to‘g‘ri kelgan.

“Tarjimalarni qisman bajara oldik, lekin bu yetarli emas. Agar biz auditoriyani kengaytirishni, epik meroslarimizni yapon, ispan, fransuz, umuman, juda ko‘p millatlar tushunishini istasak, dostonlarimizning to‘liq tarjimasini berishimiz kerak bo‘ladi. Bu jiddiy tayyorgarlik, juda katta mablag‘ni talab qiladi. Afsuski, hukumatning qo‘llab-quvvatlovisiz bunga erishib bo‘lmaydi”, — deydi tashkilot rahbari.

Shuningdek, u nomoddiy madaniy meros targ‘ibotidagi boshqa bir muammoni ham sanab o‘tdi.

“O‘zbekiston madaniyatini, imijini xalqaro maydonga tanitish borasidagi 20 yillik norasmiy va 10 yillik rasmiy faoliyatimizga qaramasdan, biz hamon aviachiptalarga muhtojmiz. Qisqa yoki uzoq masofaga bo‘lsin — farqi yo‘q — agar faqatgina aviabiletlarimiz qoplab berilsa, O‘zbekistonning asl nomoddiy madaniy merosi targ‘iboti uchun Sidneydan Torontogacha professional konsert qo‘yishimiz mumkin. Hozirda faqatgina xalqaro hamkorlik tashkilotlarining ko‘magi yordamida safarga chiqayotganimiz uchun kichik-kichik jamoalar bo‘lib qolyapmiz, u qadar ko‘p targ‘ibot ishlarini olib borolmayapmiz, imkoniyatlarimiz juda cheklangan”, — deydi Husniddin Ato.

Foto

oxuc culture, орол dengizi shamollari, ҳuсниддин ато

oxuc culture, орол dengizi shamollari, ҳuсниддин ато

oxuc culture, орол dengizi shamollari, ҳuсниддин ато

oxuc culture, орол dengizi shamollari, ҳuсниддин ато

oxuc culture, орол dengizi shamollari, ҳuсниддин ато

oxuc culture, орол dengizi shamollari, ҳuсниддин ато

oxuc culture, орол dengizi shamollari, ҳuсниддин ато

oxuc culture, орол dengizi shamollari, ҳuсниддин ато