Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar organlari hamkorlikda Toshkentda narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. Bu o‘tkazilgan tezkor reyd tadbirlarida ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda DXX o‘zining Telegram-kanalida.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining “Farhod” chegara-bojxona postida Tojikistonning Dushanbe shahrida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan ayol 1 kg 210 gr va uning 19 yoshli qizi 744 gr “gashish” moddasini o‘z egnidagi kiyimlari ostiga yashirib, bojxona nazoratidan o‘tkazishga uringan. Ular ayni shu vaqtda qo‘lga olindi.

Yana bir holatda esa 1969-yilda tug‘ilgan buxorolik shaxs 300 gr “opiy” moddasini Chilonzor tumanida qabul qilib olgan vaqtida ushlandi. Unga moddani surxondaryolik 21 yoshli tanishi oziq-ovqat mahsulotlari solingan karton quti ichiga yashirgan holda, “Denov-Toshkent” yo‘nalishida qatnovchi mashina orqali berib yuborgan. Aniqlanishicha, buxorolik shaxs avval ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Denov shahrida yashovchi fuqaro ham ushlanib, uning uyidan 500 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida qayd etilgan holatda 1993-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 5 gr, yashash xonadonida esa 649 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Yana bir holatda Toshkent shahrida yashovchi, 1986, 1987 va 1990-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro ketayotgan “Lasetti” Bektemir tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina saloni va yukxonasida 698 dona “Tropikamid” va 115 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 7 gr “Mefedron” sintetik narkotik moddasi topildi. Mahsulotlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilganda avtomashina egasining uyidan 497 dona “Regapen” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.