2023-yildan boshlab nodavlat maktablar ham umumta’lim muassasalarining reytingida ishtirok etadi, deya xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Shu vaqtgacha milliy reytingni tuzishda qur’a tashlash yo‘li bilan tanlab olingan 10 foiz maktablardagi 9-sinf o‘quvchilarining bilimlari baholanadi. O‘qituvchilar o‘rtasida xalqaro TALIS baholash dasturi metodikasi asosida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkaziladi.

2023-yilda mazkur jarayonlarga yangilik kiritish maqsadida yurtimizda faoliyat olib borayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini ham baholash nazarda tutilmoqda.

Shu munosabat bilan vazirlik milliy reytingda ishtirok etish istagini bildirgan nodavlat ta’lim tashkilotlaridan ro‘yxatdan o‘tishni so‘radi.

Ma’lumot uchun, mazkur reytingni tuzish hukumatning tegishli qarori asosida joriy etilgan. Unda maktab o‘quvchilarining fan bo‘yicha egallagan bilimlari bilan bir qatorda o‘quvchilarning hayotga tayyorgarlik darajasi (bilim darajasi, oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi, xorijiy tilni bilish darajasi), pedagoglarning sifat tarkibi va salohiyati (oliy va birinchi toifaga ega pedagoglar ulushi), maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv-tarbiyaviy muhit hamda mahalliy hokimliklarning maktablar rivoji uchun qo‘shgan hissasini inobatga olgan holda tuman (shahar)lar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kesimida umumta’lim muassasalarining reytingi tuzib kelinmoqda.

2022-yilda barcha maktablar reytingini aniqlash uchun respublikaning 14 ta hududidagi 207 ta tuman (shahar)larda joylashgan 9954 (o‘tgan yilda 9622 ta) maktab faoliyati tahlil qilingandi.