“Transmashxolding” (TMX) tarkibiga kiruvchi Rossiyaning “Metrovagonmash” zavodi 2023-yilda Toshkent metropoliteni uchun 56 ta vagon yoki 14 ta tarkib yetkazib berishi kerak.

“Hozir stolimizda (Toshkent uchun) 50 dan ortiq metro vagonlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan va amalga oshirilmoqda”, — dedi TMX bosh direktori Kirill Lipa “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi panel sessiyasida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xolding Toshkent metropoliteni 1977-yilda ochilganidan beri uning doimiy hamkori hisoblanadi.

Metropoliten matbuot xizmati 2023-yilda 14 ta yangi tarkib kelishi kerakligini tasdiqladi, ular uchastkalarning ish yukiga qarab metro tizimi bo‘ylab taqsimlanadi.

2019−2021-yillarda O‘zbekiston poytaxti metrosiga “Metrovagonmash”dan umumiy qiymati 91,3 million yevro bo‘lgan 60 ta vagon olib kelingan. Bu 15 ta tarkibni shakllantirish va harakatlanish oraliqlarini qisqartirish imkonini berdi.

Yetkazib berish “VEB.RF” davlat taraqqiyot korporatsiyasi, “Rossiya eksport markazi” AJ, Roseksimbank kreditlari va O‘zbekiston davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilgan.

“Transmashxolding” dunyodagi temir yo‘l transporti uchun harakatlanuvchi tarkib ishlab chiqaruvchi ikkita yirik kompaniyadan biridir.