Qashqadaryoda 15 ta gaz taqsimlash punkti va stansiyasida suyultirilgan gazni qabul qilish va yetkazishda talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

2023-yilning o‘tgan davri mobaynida mazkur punkt va stansiyalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida suyultirilgan gazni qabul qilish va yetkazishda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-avgustdagi qarori talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami 22,9 mlrd so‘mlik (4794 tonna) suyultirilgan gaz asoslantiruvchi hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda talon-toroj qilingani aniqlandi.

Holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.