25-aprel kuni Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an saylov kampaniyasi doirasida mahalliy telekanallarga bergan intervyusi chog‘ida o‘zini yomon his qila boshladi va efir uzildi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Efir qayta tiklangach, prezident bu uchun uzr so‘rab, oshqozonida muammo borligini bildirdi.

Keyinroq davlat rahbarining Telegram kanalida uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tildi. Ushbu muammolar tufayli rejalashtirilgan bir qancha tadbirlar bekor qilindi.

“Bugun shifokorlarimiz maslahati bilan uyda dam olaman. Afsuski, bugun Qirqqal’a, Yozgat va Sivasdagi birodarlarim bilan uchrasha olmaymiz. Vitse-prezident Fuat Oktay bizning nomimizdan dasturlarda ishtirok etadi. Allohning izni bilan ertadan boshlab dasturimizni yana davom ettiramiz. Biz sevikli millatimizni Turkiyaning asriy maqsadlariga yetkazish uchun ishlashda davom etamiz. Shu munosabat bilan barcha fuqarolarimizga sihat-salomatlik, tinchlik va farovonlik tilayman”, — deyiladi unda.

Keyinroq Turkiyaning hukmron partiyasi vakili Erkan Kandemir Twitter`dagi sahifasida Erdo‘g‘on “Akkuyu” atom elektr stansiyasiga yadro yonilg‘isi yetkazib berish munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimda shaxsan qatnashmasligini, aksincha, u tadbirda video formatda ishtirok etishini ma’lum qildi. Kandemir, shuningdek, prezident ishtirokida payshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovoldi mitingi boshqa sanaga ko‘chirilganini bildirdi.

Mish-mishlar

Bu orada prezident yurak xastaligiga chalingani haqida xabarlar tarqala boshladi. Ayrim Telegram kanallarda “Balki Erdog‘an bilan bog‘liq nimadir… Putin Kremlga soat 21:58 da yetib keldi” sarlavhali video e’lon qilindi.

Unda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva vaqti bilan soat 21:58 da shoshilinch ravishda Kremlga qaytgani, bunga sabab Erdog‘anning sog‘lig‘i yomonlashgani, rossiyalik shifokorlar Turkiyaga yuborilayotgan bo‘lishi mumkinligi xabar qilindi.

Turkiya rahbari ma’muriyatining dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi esa prezidentning yurak xurujiga uchragani haqidagi xabarlarni rad etdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda prezident Erdog‘anning yurak xurujiga uchragani va kasalxonaga yotqizilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi markazning Twitter`dagi sahifasida.

TRT Haber telekanalining so‘zlaridan iqtibos keltirgan Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktayga ko‘ra, prezidentning sog‘ligi yaxshi, u yengil shamollagan.

Shundan so‘ng Turkiya prezidenti ma’muriyati aloqa bo‘limi rahbari Faxriddin Altun ham prezidentning sog‘lig‘ida muammolar borligi haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi.

“Biz prezident Erdog‘anning sog‘lig‘iga doir bunday asossiz bayonotlarni qat’iy rad etamiz”, — deydi u Twitter`dagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, 14-may kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi.