Shavkat Mirziyoyev ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi. Davlat rahbari forumning yalpi majlisida nutq so‘zladi.

Sessiyada Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi — prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Olga Algayerova, Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy, Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan ham qatnashdi.

Tadbirda 70 mamlakatdan kelgan 2,5 mingga yaqin ishbilarmon doiralar va bank-moliya sohasi vakillari ishtirok etdi.

Davlat rahbari xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarni sanab o‘tdi.

“Yashil iqtisodiyot” sanoatning yangi yo‘nalishlarini olib kelayotgani aytildi. Quyosh panellari, shamol turbinalari, invertor va boshqa elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar barpo etilmoqda. Bu — investorlar uchun 8 milliard dollarlik imkoniyat ekani qayd etildi.

Davlat rahbari sarmoyadorlarni shu kabi loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi va buning uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.

Oldinlari “yopiq” bo‘lgan tarmoqlarga xususiy investitsiyalar faol kirib kelayotgani ta’kidlandi.

“Biz transport sohasida raqobat muhitini yaratishga qaratilgan islohotlarni davom ettiramiz. Bu yil Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvini ham xususiy sektorga topshiramiz. Temir yo‘l sohasida ham katta o‘zgarishlarni boshlayapmiz va bunda investorlar faol ishtirok etishlarini so‘rab qolaman”, — dedi prezident.

Bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Bular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab oladi.