O‘zbekiston hukumati tomonidan to‘liq qayta ta’mirlangan Bobur nomli O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrining yangi binosi 24-aprel kuni foydalanishga topshirildi. Bu haqda ochilish marosimida qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Marosimda O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalov, Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri birinchi o‘rinbosari Qayrat Imanaliyev, TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sultan Rayev hamda san’atkorlar, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

Foto: Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati

Teatr direktori A’zam Abdurazzoqovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ta’mirlash ishlari O‘zbekistondagi “Trest 12” AJ tomonidan amalga oshirilgan. Qurilish materiallari ham, jihozlar ham O‘zbekistondan olib borilgan. Ta’mirlash jarayoniga O‘zbekiston tomonidan 5 mln dollar mablag‘ ajratilgan.

madaniyat va turizm vazirligi, озодбек назарбеков, ўш teatri

Foto: “Gazeta.uz”

“Teatr binosi 1980-yilda foydalanishga topshirilgan. Madaniyat saroyi bo‘lgani sababli bu professional teatr san’ati uchun juda ko‘p noqulayliklarni keltirib chiqargan. Ta’mirlash jarayonidan so‘ng bu maskan haqiqiy teatr binosiga aylandi. Qariyb 20 oy davom etgan rekonstruksiya ishlari juda puxta reja asosida amalga oshirildi. Teatrda muzey, aktyorlar uchun fitnes zali, ovoz va video yozish studiyalari, pardozxonalarda yuvinish uchun sharoitlar yaratildi. Bular oldin umuman bo‘lmagan”, — dedi A’zam Abdurazzoqov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, teatr yoniga uzoq yildan buyon shu yerda faoliyat yuritib kelayotgan maqomchilar uchun qulay zal qurildi. “Bu Qirg‘iziston maqom san’atining rivojlanishida muhim ahamiya kasb etishi, shubhasiz. Qisqasi, teatr binosi bugungi kun talabiga javob beradigan darajada ta’mirdan chiqdi”, — dedi u.

Foto: Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov OAV vakillariga bergan intervyusida teatr yangi binosini foydalanishga topshirilishini “ajobiy bir tarixiy voqea” deb atadi.

“100 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur o‘zbek teatri Markaziy Osiyoda tashkil etilgan ilk teatrlardan biri hisoblanadi. Bu maskanning sahnasi o‘zbekistonlik teatr aktyorlari uchun ham juda qadrli”, — dedi u.

madaniyat va turizm vazirligi, озодбек назарбеков, ўш teatri

Foto: Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston prezidentining siyosiy irodasi tufayli mamlakatning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari sezilarli darajada asliga qaytmoqda.

“Bu teatr sahnasi biz uchun ham begona bo‘lmaydi. O‘zbekistondagi teatrlarga qanday e’tibor qaratayotgan bo‘lsak, bu teatrga ham doim e’tibor qaratib, yordam beramiz. Bundan keyin ham hamkorlikda ishlaymiz. Keyingi oydan bu boradagi ishlarni boshlaymiz. Qirg‘izistonga chegaradosh viloyatlardagi teatrlarimiz bilan xuddi bugungidek hamkorlikda spektakllar sahnalashtiriladi. Bu spektakllar ikki davlat bo‘ylab o‘tkaziladigan ijodiy safarlarda aholiga namoyish etiladi. Shuningdek, ushbu teatr sahnasi bo‘sh turmasligi uchun har oyda ikki, uchtadan ijodiy loyihalarni qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Bir safar teatrlar jamoalarini, boshqa safar sozanda va xonandalarni konsert dasturlari bilan [O‘zbekistondan] yuborish rejalashtirilmoqda”, — dedi Nazarbekov.

Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri birinchi o‘rinbosari Qayrat Imanaliyevning ta’kidlashicha, teatrni ta’mirlash jarayoni salkam ikki yil davom etdi.

madaniyat va turizm vazirligi, озодбек назарбеков, ўш teatri

Foto: “Gazeta.uz”

“Bu teatrning 100 yillik tarixi bor. Toshkentdagi hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatridan keyin ochilgan O‘rta Osiyodagi teatrlardan biri. Bu yerda O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalq artistlari, xizmat ko‘rsatgan san’atkorlar ishlagan. Teatrda bir asrdan buyon jahon, o‘zbek va qirg‘iz klassikasi tomoshabinlarga namoyish etib kelinmoqda. Ta’mirlashga ehtiyoj tug‘ilgan ushbu teatr O‘zbekiston tomonidan to‘liq qayta rekonstruksiya qilindi. Ta’mirlash ishlari 2021-yilning kuzida boshlangan edi va bu yil yakuniga yetdi. Buning uchun teatr jamoasi va vazirlik rahbariyati nomidan rahmat aytamiz. Bizning madaniy aloqalarimiz asrlar mobaynida shakllanib kelgan. Do‘stligimiz abadiy, munosabatlarimiz davomiy bo‘lsin”, — dedi Qayrat Imanaliyev.

Tadbir yakunida Bobur nomli O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri hamda O‘zbekistondagi bir qancha teatrlarning aktyorlari ishtirokida sahnalashtirilgan Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyatiga oid “Ayroliq” nomli tarixiy spektakl namoyish etildi.

Spektakldan keyin Ozodbek Nazarbekovga qirg‘iz milliy choponi va bosh kiyimi, qamchi hamda Qur’oni karim sovg‘a qilindi. Shuningdek, u Chingiz Aytmatov nomidagi mukofot bilan taqdirlandi.

Foto: Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati

Ozodbek Nazarbekovning so‘zlariga ko‘ra, teatr sahnasi o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining do‘stlik sahnasi bo‘ladi.

“Qirg‘izistonning ham boshidan juda ko‘p yaxshi-yomon kunlar o‘tdi. Lekin o‘sha og‘ir kunlarda ham aktyorlar teatrni tashlab ketmadi. Bir ahvolda ham shu aktyorlar har kuni uyidan xontaxta, ko‘rpacha ko‘tarib kelib, spektakl qo‘yishdi, bir necha yil ushlab turishdi. Hammasining guvohimiz, bilamiz, ko‘rganmiz. Shuning uchun bu nafaqat qirg‘iz xalqi yoki qirg‘izistonliklar, balki hamma uchun qadrdon teatr hisoblanadi. Bu teatrning qayta qad rostlashi, faoliyatini yana qayta boshlashi har ikkala mamlakat uchun ham yutuq va faxr, deb o‘ylayman. Bu sahna o‘zbek va qirg‘iz ijodkorlari uchun teng huquqdagi bir ajoyib do‘stlik sahnasi bo‘ladi. Biz ham tez-tez tashrif buyurib turamiz. Bugun meni juda ko‘p sovg‘a-salomlar bilan siylab yubordingiz. Lekin bu ishlar, avvalo, ikkala davlat rahbarlari va ularning sa’y-harakatlari, siyosiy irodalari hamda ijodkorlar mehnati sababli amalga oshdi”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.

Eslatib o‘tamiz, teatrning 100 yilligi sharafiga kapital ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Ushbu qaror Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida qabul qilingan. Yubiley 2018-yil oktabr oyida nishonlanishi kerak edi, lekin uch yil oldin tadbir ko‘chirildi, chunki teatr ta’mirlashga muhtoj edi, deb yozgan edi Kloop nashri.

Ma’lumot uchun, Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali-drama teatri O‘rta Osiyodagi eng qadimgi professional teatrlardan biri hisoblanadi. U 1914-yilda Rahmonberdi Madazimov tomonidan tashkil etilgan. 1992-yilda Qirg‘iziston mustaqillikka erishgach, teatr Boburiylar sulolasi va imperiyasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur sharafiga qayta nomlangan. Undan oldin u inqilobchi Sergey Kirov nomida bo‘lgan. Madaniyat maskaniga 2004-yilda akademik teatr maqomi berilgan. Teatr 480 nafar tomoshabinga mo‘ljallangan.

O‘tgan yillar mobaynida jamoa o‘zbek, rus, tojik, qirg‘iz va jahon klassiklarining eng mashhur asarlari hamda jahon xalqlarining zamonaviy dramasi bo‘yicha 600 dan ortiq spektakllarni sahnalashtirgan.