Surxondaryo viloyati Denov tumanida ayol 5 yoshli qizini kaltakladi, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, shu tumanda yashovchi M.A. ismli ayolning 2018-yilda tug‘ilgan qizi X.S. 22-aprel kuni soat 13:00 da ko‘chaga o‘rtoqlari bilan o‘ynash maqsadida chiqqan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, onasi uni chaqirganini eshitib, yashirinib olgan.

Onasi qizini taxminan 40 daqiqa davomida ko‘chadan qidirgan, topgach, uni uyiga olib kirib, tayoqcha bilan urib kaltaklagan. Hozirda X.S. tuman markaziy kasalxonasida davolanmoqda.

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.