Tabiat resurslari vazirligi 10-apreldan 10-mayga qadar davom etadigan “Toza havo” oyligi doirasida vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, shuningdek, shahar hamda viloyatlar hokimliklarining barcha xodimlarini har jumani “Avtomobilsiz kun” sifatida o‘tkazishga chaqirdi.

“Bundan maqsad avtotransport vositalarining atrof-muhitga ta’sirini yanada kamaytirish, shuningdek, insonlarning sog‘lom turmush tarziga rioya qilgan holda velosipeddan foydalanishlarini tashkil etish”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimligi 28-aprelda “Avtomobilsiz kun” o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi. Shaxsiy avtomobillarda harakatlanishni qisqartirish, jamoat transporti, velosiped va piyoda yurish afzalliklarini aholi o‘rtasida targ‘ib qilishga qaratilgan “ko‘plab tadbirlar” e’lon qilindi.