Ijtimoiy tarmoqlarda Asaka tumanida shifokor kaltaklanganligi haqida xabarlar tarqaldi. Andijon viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, 23-apreldan 24-aprelga o‘tar kechasi Asaka tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam qabulxonasiga tez tibbiy yordam mashinasida xushsiz holdagi ayol olib kelingan. Bemorning eri xotinini tibbiy ko‘rikdan erkak shifokor emas, balki ayol shifokor o‘tkazishi kerakligini aytib, talablar qo‘ygan. Erning rashk qilishi tufayli u va shifokorlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan hamda bu janjalga aylangan.

“Ertasi kuni mojaro tibbiyot xodimining taqib etgan holda boshqa joyda davom etgan. Bemorning eri va sheriklari tomonidan 30 yoshli shifokor kaltaklanib, unga og‘ir tan jarohati yetkazilgan. Shifokor bosh miya og‘ir jaroxati va chayqalishi, chap quloq ezilgan-kesilgan jaroxati tashxisi bilan Respublika tibbiyot markazi muassasasi viloyat filialiga joylashtirilgan va hozirda davolanmoqda”, — deyiladi rasmiy axborotda.

Qayd etilishicha, holat huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan nazoratga olingan.