Qozog‘istonda iyul oyidan boshlab Mehnat kodeksiga to‘rt kunlik ish haftasi tushunchasi kiritiladi, deb yozadi Tengrinews.kz.

Hozirda qonunchilikda besh kunlik va olti kunlik ish haftasi, shuningdek, to‘liq bo‘lmagan ish haftasi (davomiylik tomonlarning kelishuvi bilan belgilanadi) tushunchalari bor.

Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining aniqlik kiritishicha, bu iyuldan boshlab ish haftasi to‘rt kunlik bo‘ladi, degani emas. Gap ish grafigini o‘zgartirish imkoniyati haqida ketyapti.

Mehnat kodeksining yangi moddasiga ko‘ra, tomonlar kelishuviga binoan mehnat shartnomasida besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasiga almashtirish huquqi bilan to‘rt kunlik ish haftasini belgilashga ruxsat beradi.

“Ushbu amaliyot yakka tartibdagi ish beruvchilar tomonidan allaqachon amalga oshirilmoqda va xalqaro mehnat standartlariga mos keladi”, — dedi Mehnat vazirligi matbuot kotibi Saken Dildaxmet.

Ushbu rejimning joriy etilishi ishlab chiqarish jarayonini hisobga olgan holda, xodimga shaxsiy va oilaviy ehtiyojlar bilan shug‘ullanish bo‘yicha majburiyatlarning kombinatsiyasini ta’minlash imkonini beradi, deya tushuntirdi u.

“Ushbu rejimda ishlash xodim uchun yillik haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining davomiyligi, ish stajini hisoblash va Mehnat kodeksi, mehnat, jamoa shartnomalari va bitimlarida belgilangan mehnat sohasidagi boshqa huquqlarni cheklashga olib kelmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Mehnat vazirligi vakili.

Ko‘pgina mamlakatlarda to‘rt kunlik ish haftasini joriy etish muhokama qilinmoqda. O‘tgan yili Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o‘tkazilgan jamoatchilik kengashi yig‘ilishida O‘zbekistonda to‘rt kunlik ish haftasini joriy qilish taklifi berilgandi.