Iqlim o‘zgarishi, muzliklar erishi hamda dengiz sathining ko‘tarilishi, anomal jazirama, oziq-ovqat xavfsizligi va tanqisligi, qurg‘oqchilik, qishloq xo‘jaligidagi muammolar — shunchalik yaqin va doimiy “hamroh”imizga aylandiki, ko‘pimiz bularni tezda o‘tib ketadigandek qabul qilishga odatlandik. BMTning ma’lum qilishicha, Yer yiliga 4,7 million gektar o‘rmonlarini yo‘qotyapti, 12 milliondan ortiq ekin yerlari jiddiy degradatsiyaga uchramoqda. O‘zbekistonga ham bunday muammolar begona emas. 22-aprel — Xalqaro yer kuni munosabati bilan “Gazeta.uz” biologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Rasulov bilan qishloq xo‘jaligidagi yechimini kutayotgan muammolar, oziq-ovqat xavfsizligi, ilmda olimning o‘rni xususida suhbatlashdi.

— Sizni o‘zbek kitobxonlari bir necha tarixiy asarlaringiz: “Qonli gullar vodiysi yoxud Madaminbek”, “Uzbechka”, “Sulton Jaloliddin Manguberdi” orqali taniydi. Lekin siz eng avval olimsiz, biologiya fanida o‘z yo‘nalish, maktabingiz bor. Tanlagan sohangiz, hozir qilayotgan ilmiy loyihalaringiz ko‘pchilikka qiziq. Suhbatni shundan boshlasak.

— Mikrobiologiya va mikrob asosidagi biotexnologiyalar, nanotexnologiyalar, agrotexnologiyalar yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib boraman. Aspiranturada o‘qiyotganimda mikrobiologiya bilan shug‘ullanganman. Tuproq bakteriyalarini ajratish, ular asosida qishloq xo‘jaligi uchun biologik o‘g‘itlarni tayyorlash bo‘yicha ilmiy ish qilganman. 2012−2018-yillari Xitoy Fanlar akademiyasida mikrob biotexnologiyalari va nanobiotexnologiyalar bo‘yicha izlandim. Xitoydan qaytgach, olingan ilmiy natijalarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida qo‘llash, yangi turdagi, ya’ni organik turdagi mahsulotlarni yetishtirishga harakat qildim. O‘zbekiston va xorijdagi loyihalarni imkon qadar bajardik. Hozir laboratoriyamizda mikrob va biotexnologiyalar asosidagi ilmiy loyihalarni davom ettiryapmiz. Ayni kunlarda ikki yo‘nalishda ilmiy faoliyat bilan bandman.

Asosan nanobiomateriallar olish, ularni fizik va kimyoviy tasniflash hamda tibbiyot, qishloq xo‘jaligida qo‘llash masalalari diqqat markazimizda. Biomateriallarning ajoyib xususiyati bor. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida haddan tashqari ko‘p ishlatilayotgan, turli kasallik qo‘zg‘atadigan, ayniqsa, onkologik, qonning buzilishi, inson xromosomasi, irsiyati mutatsiyasiga sabab bo‘ladigan zaharlar o‘rniga nanomahsulotlarni qo‘llash mumkin va shu konsepsiyani ilgari suryapmiz.

Nanomateriallar va nanozarralardan foydalanish xavfli emasmi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Yo‘q, aslida, ota-bobolarimiz bilib-bilmay nanotexnologiyalar yutug‘idan foydalangan. Masalan, kumush taqinchoqlar solingan giyohli suvlarni ichishgan, chaqaloqlarni yuvintirishgan, turli yara-chaqalarni davolashda qo‘llashgan. Bu kumush nanozarrasining hosil bo‘lishiga asoslangan texnologiya bo‘lgan. Kumush taqinchoq, tanga va buyumlar suvda o‘ziga xos zaryadlangan zarralarni ajratgan va giyohlardagi kimyoviy moddalar ta’sirida nanozarralar holatiga o‘tgan. Bu bir necha asrlik tarixga ega tajriba. Qadimgi yunon, hind madaniyati, tibbiyotida, turkiylar urf-odatida kumushli suvdan foydalanish an’anasi bo‘lgan. Biz endi bularni ilmiy jihatdan o‘rganish va uni qishloq xo‘jaligiga tatbiq etishni boshladik. Nanozarralarni qo‘llashdan maqsad: hozirgi kunda o‘simliklarda keng tarqalayotgan viruslar va hasharotlarni yo‘qotishdir.

O‘tgan yili Qibray tumanida yangi virus aniqlandi. PZR tahlillari asosida Tomato masoic tobamovirus turiga mos kelishi aniqlandi. Viruslarga, odatda, agrozaharlar ta’sir qilmaydi, uning DNK yoki RNKsini biz bilgan oddiy vositalar buza olmaydi. Buni faqat nanozarra bilan “buzish” mumkin. Jahon fani nanozarralar foydasini isbotlab berdi, hatto O‘zbekistonga ham nanozarralar asosidagi mahsulotlar asta-sekin kirib kelyapti, lekin eskicha fikrlash sabab qishloq xo‘jaligida qo‘llashga to‘siq bo‘lyapti, deb o‘ylayman.

— Qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari bilan rivojlantirib, qanchadan qancha foyda olayotgan davlatlar bor. Masalan, butun dunyo guruchining 37 foizi Xitoyda yetishtirilar ekan. Ammo biz shu sohada ham yetakchilar safiga hech qo‘shilolmadik. Nega qishloq xo‘jaligimizda ilmning ulushi kam? Yangi asrda muammoga yechim ham yangicha bo‘lsin, deymizu, baribir eski yo‘ldan qayta-qayta yurayotgandekmiz.

— Asosiy sababini o‘zingiz aytdingiz — ilmdan uzilganmiz. Mana, Qishloq xo‘jaligi va sobiq Innovatsion rivojlanish vazirligi bizdan ilmiy asoslangan taklif, yechimlar so‘rardi. Biz ham doim nimani so‘rashsa, javob berganmiz. Lekin oxirgi paytlari bergan taklif va maslahatlarimiz so‘nggi manziliga yetib bormayotganiga hayronman.

Qishloq xo‘jaligida ilg‘or mamlakatga doim Gollandiyani misol qilganman. U yerda sohaga ixtisoslashgan, muammolarni o‘rganib, tadqiq etadigan universitetlar, institutlar bor va ular amalda ishlaydi. Ishlaydi! Universitetlar taklif etgan yechim, ishlanma va innovatsiyalar albatta isbotini topadi. Masalan, Vageningen universitetini olaylik. Qishloq xo‘jaligidagi muammolarni molekulyar darajada o‘rganadi. Bugun Gollandiya qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish va sotish bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi davlatlardan. Eksportdan yillik daromadi 65 milliard yevroni tashkil etadi. Endi o‘ylab ko‘ring, Gollandiya O‘zbekistondan necha marta kichkina, bizning salohiyatimiz necha marta katta?

Biz qishloq xo‘jaligi ekinlaridagi kasalliklarga samarasiz kurashamiz. Zamburug‘ tabiatlik kasalliklarni olaylik. O‘zbekiston bo‘ylab keng tarqalgan. G‘o‘za yoki bug‘doy misolida tushuntiray. G‘o‘zani ekishdan boshlab chinbarg chiqargunicha asosan 2 ta kasalligi bo‘ladi. Chinbarg chiqqanda bargining qurishi, ikkinchisi, ildiz chirishi. Mana shu zamburug‘ kasalligi tufayli ayrim viloyatlarimizda chigit qayta ekiladi. Aslida, zamburug‘ga qarshi kurashning oddiy usuli bor: tuproqni qayta ishlash kerak. Lekin biz faqat zahar beramiz, beraveramiz, yerni og‘ulash bilan ovoramiz. Oxirida zahar o‘simlikkayam ta’sir qiladi va bunday o‘simlik stressga tushgan o‘simlik hisoblanadi. Mana, bolangiz kasal bo‘lsa, zahar bermaysiz-ku, shifo bo‘ladigan doridan berasiz — o‘simlik ham boladek gap.

— Buni mas’ullarga fan kishilari xulosalar, ilmiy asoslangan dalillar bilan taqdim etmaydimi? Ya’ni ular so‘ramagan yoki sizlarga maslahat solmagan taqdirdayam soha olimlari ogohlantirib turmaydimi?

— Rosti, sohaga mas’ul rahbarlarning aksarida ilmiy fikrlash yo‘q. Bir viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari bilan yuzma-yuz gaplashgandim. Falon fermerning dalasidan bug‘doyga xos bo‘lmagan kasallik chiqyapti, buning qo‘zg‘atuvchisi oldin g‘o‘zada bo‘lgan. Agar falon agrotexnika yoki texnologiya qo‘llanmasa, keng yoyilib ketadi, dedim. Eshitgisiyam kelmadi. Kelasi yili esa shu kasallik butun viloyatga tarqab, ommaviy kasallanish qayd etildi.

Ikkinchi holat Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ro‘y berdi. Cho‘lga yaqin hududlarda yaqin-yaqingacha ildiz chirishi kasalligi aniqlanmagandi. 2022-yildan boshlab Furqat tumani fermerlari kasallangan g‘o‘za ko‘chatlari namunasini olib kelishdi. Ko‘ryapsizmi, ilgari suvga yaqin hududlarda bu kasallik aniqlangan bo‘lsa, endi cho‘l hududlarda ham paydo bo‘lyapti. Agar rahbarlar masalaning mohiyatini tushunganida edi, hadeb zahar qo‘llayvermasdi, boshqa ilmiy asoslangan yutuqlarga ham e’tibor berar, hech bo‘lmasa, fikrimizga quloq tutardi. Bu yil nafaqat Furqat tumani, balki Beshariq tumanida ham ildiz chirishi haqida ma’lumot berishdi. Kasallik migratsiya qilyapti — ko‘chib yuribdi.

бахтиёр расулов, биолог olim, yer kuni, ilmiy g‘oya, интyerвью

— Muammo paydo bo‘lgach, uni o‘rganib, ilmiy yechimini ham aytasizlar-ku, to‘g‘rimi?

— Albatta. Kasallik aniqlansa, uni tekshirib, o‘rganib, yechim taklif qilamiz. Masalan, g‘o‘zani yetishtirayotganda chigit ekishdan oldin yaxob suv bilan tuproqni bakterizatsiya qilish kerak. Shunda ildiz 100 foiz chirimaydi. Bu eski usul. Lekin hali qishloq xo‘jaligi amaliyotimizga kirib bormadi. Kirib borishi uchun ilm kerak. Hayron qolaman: ayrim rahbarlarimizda ilm-fanga qarshi mustahkam “immunitet” bor. Qandaydir fikr bildirsak, darrov tanqid deb o‘ylashadi.

Bug‘doy yoki paxtaning hosildorligini oshirish uchun fermerlar o‘rtacha 1 tonnadan 2 tonnagacha mineral o‘g‘it soladi yerga. Eh-he, qancha pul sarflanadi bunga! 1 gektariga agar kimyoviy usulda hosil olaman desa, o‘rtacha 4,5−5 million xarajat ketadi. Sarf-chiqimni yangi, oddiy, sodda vositalar bilan kamaytirish, 1 tonnani 150−200 kilogramga tushirish, hosildorlikni ham oshirish mumkin.

O‘tgan yili bir voqea bo‘ldi. Kimligini aytmayman. Qishloq xo‘jaligiga mas’ul hokim o‘rinbosari fermerlarni yig‘ib: “Kimlardir qandaydir suspenziya topib, hosilini arzonga yetishtiribdi. Mineral o‘g‘it ishlatmay qo‘yibdi, nazoratga olinglar!”, debdi. Qaysi aql bilan shunday deyish mumkin? Kechirasizu, sovetlar davrini yomonlaymiz, qoralaymiz, ammo o‘sha vaqtda ham dalaga 2 tonnagacha o‘g‘it solinmagan. Masalan, azot, kaliy, fosfor me’yorini agrokimyo darsliklarida ham 250, 150, 50 kilogramm qilib hisoblab bergan. Hammasini qo‘shsangiz, 450−500 kilogramm atrofida bo‘ladi. Ammo biz 2 tonnagacha solyapmiz!

Xo‘p, mineral o‘g‘itni soldingiz, o‘simlik o‘zlashtirish kerak bo‘lsa, maksimum 10−15 foizini o‘zlashtiradi. Qolgani-chi, suv bilan yuvilib ketadi. Keyin bu suv oqava suvlarga qo‘shilib, daryo, kanallarga quyiladi, dalaga boradi — aylanib yuraveradi.

Yaqin yillarda yana bir muammo yuzaga kelyapti: ikkilamchi sho‘rlanish, suvning sho‘rlanishi. Hammasi mineral o‘g‘itning hisobiga. Noratsional, ilmiy asoslanmagan me’yorlar asosida ishlatayotganimiz sababli shu muammo qarshimizdan chiqyapti. Unutmaylik, mineral o‘g‘it ham tuz — tuproqdagi tuzning qarindoshi. Buning ham yechimi bor. Yangi usuldagi o‘g‘itlash, oziqlantirish usullari yordam beradi. Suspenziya holatida ishlatadi buni. Gumin kislota hosilalari, gumatlar, stimulyator tabiatga ega moddalar, biologik o‘g‘itlar bor. Kompleks tarzda ishlatish mumkin. Shunga o‘tsak, qishloq xo‘jaligidagi rentabellik oshadi, tannarx, kasalliklar kamayadi.

— Markaziy Osiyoda cho‘llanish intensiv davom etmoqda. Suv zaxiralari kamayyapti, daraxtlarni ayovsiz kesyapmiz, ogohlantirishlarga qaramay bilganimizdan qolmayapmiz. Buning barobarida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ham o‘rtaga chiqadi. Dunyo olimlari har bir o‘zgarish va iqlim bilan bog‘liq masalaga munosabatini bildiradi, ommaga tafsilotlarni ochiqlaydi, mas’ullarni chora ko‘rishga chaqiradi. Biz ham kelajakdagi xavf qarshisida ojiz qolmaslik uchun nimadir qilishimiz kerak-ku!

— Changlanish, suv resurslarining cheklangani Markaziy Osiyoga xos xususiyat. Cho‘l mintaqasi katta hududlarni egallagan. Qishloq xo‘jaligida suv, resurs tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash, ya’ni tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tish, suvni saqlovchi materiallardan foydalanish, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik navlarini keng joriy qilish vaqti yetgan.

O‘tgan yili viloyatlarni kezganda bug‘doyning Krasnodar navi bilan bog‘liq masala diqqatimizni tortdi. O‘simlik yaxshi rivojlangan, lekin hosildorlik keskin kamayib ketgani kuzatildi. Bu holat qurg‘oqchil hududlardan tashqari suvga serob Bo‘ka, Piskent tumanlarida ham kuzatildi. Ogohlik qo‘ng‘irog‘i deb qabul qilish kerak buni. Endi sho‘rlanish, suvsizlikka chidamli mahalliy navlarni ko‘proq yaratish fursati yetdi. Ammo jarayon sust ketyapti.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bu masalada boshqa davlatlarga qaram bo‘lmasligimiz uchun mahalliy seleksiya asosidagi mahalliy navlarni joriy etishimiz kerak. Bug‘doyning Krasnodar navi o‘rniga, o‘zimiznikini yetishtiraylik. Paxta navlarini ham shu bosqichga o‘tkazishimiz zarur. Aytaylik, dehqonning oldida ikkita nav turibdi. Chet elniki 10 tonna, o‘zimizning mahalliy 5 tonna hosil bersa, albatta, xorijnikini tanlaydi-da. Bu ham qanaqadir bozor. Kimniki yaxshi bo‘lsa, o‘shaniki xaridorgir bo‘ladi. Bosh devorga urilgach, “buning yechimi olimlar bilan bahamjihat topilarkan” deyilgandan keyin emas, undan avvalroq harakatga tushish shart. Shu choqqacha biror viloyatning qishloq xo‘jaligiga mas’ul xodimi institutimizga kelib, olimlardan maslahat olgani, intensiv hamkorlikda ishlaganini bilmayman, ko‘rmaganman ham.

Davlat ilmiy tadqiqot institutlari uchun yetarli sharoit qilib beryapti, mablag‘larni ajratyapti. Endi olimlar ishlashi, javob berishi kerak. Yelkamizdagi mas’uliyat katta. Qandaydir muammo bo‘lsa, eng avval davlatni ayblaymiz, hukumatni yomonlaymiz. Men bunga qarshiman. Davlat o‘z ishini qilyapti. Sharoitimizni hozirlab berdi. Hamma gap rahbarlarda! Oldimizdagi “chaqiriq”, “tahdid”larga tayyor bo‘lishimiz kerak.

— Feysbukdagi sahifangizda bir yili “Qumda havo azoti yordamida o‘simlik o‘stirish biotexnologiyasi. O‘zimizda ishlab chiqilgan. Qum ko‘chishining oldini oladi. Tajriba 2006-yili Qizilqumda qo‘yilgan” deya bir suratni ulashgansiz. Shu tajriba taqdiri nima bo‘ldi? Chunki ushbu loyihani Toshkent shahri va viloyatlarda tez-tez kuzatilayotgan chang bo‘ronlari, havo ifloslanishiga maqbul yechimlardan deb bildim.

— Bu loyiha 2006-yili emas, undan ancha avval, O‘zFA Mikrobiologiya instituti katta ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori Zoir Shakirov rahbarligida boshlangandi. O‘zFAning Qizilqumdagi stansiyasida tajribalar qilingan. Keyinchalik Zoir aka bilan ishlagan guruh, xususan, Sardor Hakimov, Baxtiyor Umarov va men birin-ketin Isroilning Ben Gurion universitetiga ishlarni davom ettirish maqsadida xizmat safarlariga bordik. 2006−2007-yillari o‘sha dargohda cho‘l o‘simligi Onobrychis turkumiga mansub o‘simliklar tuganak bakteriya asosida o‘stirish biotexnologiyasini takomillashtirish maqsadida ishladim ham. Bu tuz va qum ko‘chish xavfi yuqori hududlarda ekilsa, yashil biomassa hosil qilish hisobiga changlanish kamayadi.

Baxtiyor Rasulovning Feysbuk sahifasida e’lon qilingan, Qizilqumda o‘tkazilgan tajriba natijasi. Qumda havo azoti yordamida o‘simlik o‘stirish biotexnologiyasi.Baxtiyor Rasulovning Feysbuk sahifasida e’lon qilingan, Qizilqumda o‘tkazilgan tajriba natijasi. Qumda havo azoti yordamida o‘simlik o‘stirish biotexnologiyasi.

Boshida aytganimdek, bungayam qiziqish bo‘lmagan. Laboratoriyada hisobot ko‘rinishida qolib ketdi. Foydasi ko‘p: nafaqat qum va chang ko‘chishining oldini oladi, yana chorva uchun tayyor ozuqa manbai sanaladi. Tasavvur qiling, butun boshli cho‘l — Qizilqum — agar shuni biomassa bilan qoplasak, menimcha, million bosh qo‘y-qo‘zini boqishga yetgulik ozuqa ham paydo bo‘ladi. Nega qorako‘lchilik barbod bo‘lgan deb o‘ylaysiz? Mana shu o‘simlikni yo‘qotganimiz evaziga, albatta.

Ikkinchi muhim masala, asalarichilikni rivojlantirsa bo‘ladi. Agar o‘simlik cho‘l hududida yer yuzasini qoplab o‘ssa, dasht yoki tog‘ga yaqin joylarda tizza baravar bo‘lib ketadi. Juda ko‘p gullaydi. Eng qizig‘i, bu loyihamizga Isroilda katta qiziqish bildirilgandi. Balki hozir ular amalga oshirgandir.

Bir yili Orolbo‘yi uchun loyihalar e’lon qilindi. Shu o‘simlik ham kiritilishini kutdim. Unday bo‘lmadi. “Biofungitsid” degan mahsulotimizga startap yozib topshirganman Innovatsiya vazirligiga. Taqdiri nima bo‘ldi, bilmayman. Prezidentning “Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3855 qarori bor edi. 300 millionga yaqin mablag‘ olindi-da, qolib ketdi. Institutning bitta laboratoriyasiga kirib, shuncha ishlanmalar haqida eshityapsiz. Endi boshqalarini qo‘yavering. Loyiha holicha qolib ketayotganlari qancha!

— Qishloq xo‘jaligimizda yechilishi zarur, lekin hadeganda e’tibor berilmayotgan muammo nima, sizningcha?

— Paradoksal holat bor: biz ilmiy-tadqiqot xodimlari O‘zbekistondagi bor muammolarning ilmiy yechimini o‘rganamiz — dunyodagini emas. O‘rganib-o‘rganib, amaliyotga tatbiq etilmasa, albatta, muammo kattarib boraveradi. Eng qizig‘i, davlat muammoni o‘rganishga pul ajratyapti, boshqa tarafda bundan manfaatdor tarmoq deymizmi yoki rahbarlar nima qilishini bilmaydi-da, olimning qo‘l-oyog‘ini ipsiz bog‘lab qo‘yadi.

Klasterlarga, fermer xo‘jaliklariga zahar, mineral o‘g‘itlar sotiladi. Ularga kim tavsiya beradi? Kim “Ha, shu zahar yoki o‘g‘itni qo‘llash mumkin, zarari kam?” deb xulosasini aytadi? Ochig‘i, o‘sha tavsiyachilarning ham o‘z ulushi bor. Manfaatlar to‘qnashuvi tugamas ekan, muammolarning oxiri ko‘rinmaydi. 1−2 ta monopol kompaniya bor. O‘zbekistonga qanday zaharlar olib kirishayotganini besh qo‘ldek bilishadi. Yuqoridagi rahbarlari ham shu sohaning odami. Qaysi zahar nimaga zarar, onkologik kasalliklarni qo‘zg‘atadimi, irsiyatni buzadimi, yurak-ishemik xastaligi sonini oshiradimi — hammasini biladi. Afsuski, jarayon to‘xtamayapti, yangidan yangi zaharlar oqimi katta.

Tashkilotchilarga bir necha martalab savol berganman. Qayerda sinadingiz, ekologik-toksik xususiyatlari qaysi asbob-uskunalarda tekshirildi, tabiatga ta’siri qanday, o‘simlikda qancha qismi qoladi va uni iste’mol qilsak nima bo‘ladi kabi. Masala chala-yarim ham o‘rganilgan emas. Chet eldan bir modda kirib kelyapti, ammo uni tuzuk tekshiradigan yo‘q. To‘g‘ri, ro‘yxatga oladigan idoralar bor. Lekin laboratoriyada, oq kalamushda tajriba o‘tkazib, mikrobiologik xususiyatlari, ya’ni tuproqqa, suvga, odamlarga ta’sirini o‘rganib, tadqiq etib, xulosani aniq berish kerak-da.

10 yilcha avval O‘zbekistonda ishlatiladigan karate va sipermetrin degan 2 ta zaharni o‘rganganmiz. Ayni shu ikki modda odam xromosomasining buzilishi, mutatsiyaga olib kelishini isbotlaganmiz. Bundan keyin qanchadan qancha kuchli zaharlar olib kirildi. O‘zbekistonda zaharlarni monitoring qiladigan, xavfsizligini baholaydigan tashkilot yoki idora borligini bilmayman. Ularni qayerda aniqlaydi, xavfsizligiga kafolat beradigan laboratoriya ishlaydimi-yo‘qmi bexabarman. Agar bo‘lsa, aytsin: biz bormiz va mana bu zahar tarkibidagi kimyoviy moddani YAMR, GX-MSda, YUSSXda tekshirganmiz, haqiqatan mana shu modda tarkibi ishlab chiqaruvchi sertifikatidagi ma’lumotlarga mos keladi, buning tabiatga zarari yo‘q, tuproqda parchalanadi yoki tuproqda ma’lum vaqt saqlanadi, o‘simlikka singib ketardi, mevasida to‘planmas ekan kabi xulosalar bersin. Menga juda qiziq. Monopol kompaniyalar bor. Ular raddiya bilan chiqishi mumkin. Yo‘q, menga ilmiy isboti bilan ko‘rsatsin. Qani, qaysi laboratoriyada tekshirtirding, qaysi jihozda aniqlading? Shuginani ko‘rsat, bo‘ldi. Har bitta kimyoviy modda tekshirilishi shart.

Qishloq xo‘jaligimiz — katta biznes. Ilmiy ishlarning dalagacha kirib bormayotganiga katta sabablardan biri shu. Ilmning uzilishi, olimda rag‘bat yo‘qligigayam sabab shu. Ilmiy-tadqiqot instituti loyihaga qaraydi. Loyihangiz bo‘lsa, siz va jamoangiz ishlaydi, bo‘lmasa, yo‘q. Loyihalar ko‘rib chiqilishi esa bizda negadir rosa cho‘ziladi. Na tayinli javob beriladi, na inkor etiladi.

2021-yil oktabr oyida sobiq Innovatsion rivojlanish vazirligiga fundamental loyiha topshirganmiz. Ilmiy-texnik kengashda ko‘rilgan, ijobiy baholangan, lekin nima bo‘lganini bilmayman. So‘rasangiz raddiya e’lon qiladi. Menga sening raddiyang kerak emas, loyihaning natijasi kerak. O‘tkazdingmi-yo‘qmi, shundan gapir. Raddiyasini ham bilaman, shablondagi gaplar: “B.Rasulovga shuncha pul berganmiz…” B.Rasulov davlatning pulini yeb ketmagan, uyiga olib ketmagan, bu loyihaga laboratoriyani qayta jihozladik, xorij asbob-uskunalarini olib keldik. Men shu loyiha rahbari bo‘lsam ham 0,25 stavka olaman, sababi, mablag‘ning asosiy qismini asbob-uskunalar va kimyoviy reaktivlarga sarflaganmiz. Hatto xizmat safarlariga ham loyihadan pul ajratmaganman, o‘zimning yonimdan boraman. Moddalar analizi uchun ham yonimdan to‘laganman, ishonishmasa, qancha oylik olganim, qanday jihozlar sotib olganimni tekshirishsin. Hisobotimda qanday analizlar qilganimni batafsil yozganman, bu analizlarga loyihadan emas, o‘z yonimdan to‘laganman.

Oddiy misol, ikkita turdagi chigit namunasidagi moy va uning tarkibidagi moy kislotalarini aniqlash uchun 1 million , biz olgan biomateriallar natriy kationini biosorbsiya qilish uchun har bir tajriba varianti uchun 150 ming so‘mdan (bunday namunalar 20 ga yaqin edi) to‘laganman. Bu pullar oyligimdan to‘langan. Endi vazirlikdagi rahbarlar javob bersin-chi: qaysi davlatda olim tadqiqot uchun yonidan pul to‘laydi? Vazirlikda shunaqa rahbarlar bor ekan, O‘zbekistonda shunaqa “gibrid” loyihalar bajaradi. Faqat shartnoma tuzish qoladi, xolos, olim va vazirlik o‘rtasida. “Sen shuncha, men shuncha ajratib, o‘rtada ilmiy ish qilamiz” degan ma’noda.

Tasavvur qiling, 2021-yil oktabridan keyin qancha vaqt o‘tdi? Faqat mening loyiham emas, boshqa ilmiy jamoalarning ham loyihalari asossiz to‘xtatib qo‘yilgan. Ular esa har oy loyiha e’lon qilyapmiz deb jar solishadi. Vaqtida javob ololmaysan, nima derkin deb ikkilanib, na ish boshlashga, na yangi loyiha yozishga hafsalang bo‘ladi. Bu sohaga mas’ul rahbarlarning haddan tashqari ishi ko‘p, vaqti yo‘qligi sabab shunaqa mujmal bo‘lib yursak kerak, ular qachon ishdan bo‘shab, bo‘sh vaqti topilsa, loyihamiz ko‘rilsa kerak deb o‘ylayman. Aslida, bunaqa ishlaydigan vazirlik yoki tarkibidagi agentlikning faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish kerak. Bunday ish tizimi kerakmi yoki yo‘qmi?

- Ma’lum muddat Xitoyda yashab, dunyoga bo‘ylashga ilmiy maktabda faoliyat yuritgansiz. Ammo bugun O‘zbekistondasiz, ilmiy ishingizni vatanda davom ettiryapsiz. Sizda taqqoslash, qiyoslash imkoni ko‘proq. Nega bizdagi olimlar potensiali hadeganda yuzaga chiqavermaydi?

— Sobiq ittifoqdan katta ilmiy maktab qoldi. Orada qiyinchiliklar, ilmdan chiqib ketganlar ham bo‘ldi. Ilmga qiziqqan yoshlar chetga jo‘nadi. O‘zim ham 8 yilcha Xitoy Fanlar akademiyasining fizika-kimyo institutida ishlab keldim. Hayot ravishi shunday ekan…

O‘zbeklar doim ilm-fanga qiziqqan. Potensiali birdan yuzaga chiqmasligiga sabablar ko‘p. Qaysi birini aytay! Jamoatchilik orasida ham shunday gap yuradi: “Nega bizdan nobelchilar chiqmaydi?”. Bu sharoitda o‘zbek olimi Nobel mukofoti ololmaydi. Ming kuchanib, chiransin, qiyin. Chunki fan — bu katta investitsiya. Buning uchun o‘zbek olimi Xitoy yoki Amerikaga, rivojlangan davlatlarga, qaysidir ulkan kuchli ilmiy maktabga borib, ilm qilishi kerak. Har kim o‘zicha yangilik qilib, jahon darajasiga olib chiqib, Nobel olib ketavermaydi. O‘sha ilmiy maktablar ham necha yillardan beri ishlab, ilmiy yo‘nalishini yo‘lga solgan, tizimini shakllantirgan bo‘ladi. Bunday tizimlar juda ko‘p va ular orasidagi raqobat ham dahshatli darajada katta.

Olimlarimizni jamiyatda nufuzli, so‘zi og‘ir shaxslarga aylantirish uchun ularga yana minbar berilsa, ertalab telekanallardagi tonggi dasturlarda san’atkorlar emas, fan kishilarining suhbati olinsa, yoshlarga namuna qilib ko‘rsatilsa, olimning obro‘si oshadi, o‘ziga ishonchi qaytadi.

Qat’iy fikrim shunday: Fanlar akademiyasi ham, ilmni moliyalaydigan vazirlik ham o‘zgarishi kerak. Ayniqsa, ilmni moliyalashga mas’ul idora. Uning ish uslubi, ming raddiya yoki bayonotlar bersin, zamonaga mos emas. Vazirlikka savolnoma yo‘llang: “Nega ilmiy loyihalarni baholash bunchalik cho‘zib yuborilgan?” deb. Qanday javob berishadi? Ilmiy loyihalarning baholanishi borasida qat’iy muddatlar bormi? 2021-yilda fundamental loyihalar tanlovi e’lon qilingan, nega tanlov shu vaqtgacha tugamagan?

Yana bir jihat. Fundamental loyihalar uchun xorijlik hamrahbarning talab etilishi. Bu ham to‘g‘ri ish emas, buni ijtimoiy tarmoqlarda ham yozdim. Ilmiy g‘oya va yutuqlar, texnologiyalar, patentlarning xorijlik hamkorlar bilan bo‘lishish to‘g‘ri emas. Bu bosqichni bosib o‘tgan davlatlarning achchiq tajribasi bor, nega biz buni qayta takrorlashimiz kerak?! Hali ham kech emas, bu talabni qayta ko‘rib chiqish lozim.