19-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan reja va takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda kartoshkaga bo‘lgan talab qariyb 4 million tonnani tashkil etadi. Shuning 80 foizdan ziyodi mamlakatda yetishtirilib, qolgan qismi import hisobidan to‘ldirilmoqda. Chunki bugungi kunda 253 ming gektarda kartoshka ekilayotgan bo‘lsa, o‘rtacha hosildorlik 163 sentnerni tashkil etmoqda. Chet ellardagiga qaraganda bu juda past ko‘rsatkich.

“Yana bir katta muammo urug‘chilik bilan bog‘liq. Aholi va dehqonchilik xo‘jaliklari elita va R1 urug‘lik o‘rniga import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekmoqda. Yuqori hosilli urug‘lik kartoshka yetishtirish uchun ekin yerlari va issiqxonalar, ularni saqlash uchun omborxonalar yetarli emas. Hosildorlikning kamayishiga sabab bo‘luvchi virus va bakteriyali kasalliklarni tekshiradigan laboratoriyalar yo‘q”, — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda ushbu masalalarni hal etish, kartoshkachilik va uning urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, milliy genofondda 250 xil kartoshka navi mavjud bo‘lib, 4 ta korxona va ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 27 ta navdan milliy urug‘ yaratish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Urug‘chilikni rivojlantirish uchun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida 4 gektarlik, Samarqanddagi Green Korea agro invest korxonasida 1 gektarlik issiqxona va sovutgichli omborxonalar qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalar Jahon banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi va “in vitro” usulida kartoshka urug‘ini yetishtirishning to‘liq sikli yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida “ilm — ta’lim — ishlab chiqarish” tamoyili bo‘yicha Kartoshka urug‘chiligi markazi tashkil etiladi. Kartoshkaning yashirin virus kasalliklari va sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha 4 million dollarlik laboratoriya ishga tushiriladi.

Shu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2025-yildan kartoshka urug‘chiligiga bo‘lgan ichki talab to‘liq ta’minlanishi qayd etildi. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, urug‘lik kartoshka yetishtirish hajmini oshirish va sifatini kafolatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 500 tonna elita kartoshka urug‘larini 1 ming 700 ta aholi tomorqalariga bepul tarqatish, kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli mablag‘lar ajratish vazifasi qo‘yildi.