Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 21-aprel kunini Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Qaror bilan aholining Ramazon hayiti bayramini munosib kutib olishi va yuksak saviyada o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 24-aprel (dushanba) kuni ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilandi.

Shuning bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun dam oladi:

  • 21-aprel — Ramazon hayiti bayrami;
  • 22-aprel — shanba;
  • 23-aprel — yakshanba;
  • 24-aprel — dushanba.

2022-yil 23-dekabrdagi “2023-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmonga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, 3-banddan beshinchi xatboshi chiqarib tashlandi, ya’ni 29-aprel haftasiga 5 kun ishlaydiganlar uchun dam olish kuni bo‘ladi.