Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni suv xo‘jaligidagi 4 ta katta masala: suv yo‘qotilishi, nasos stansiyalarining energiya iste’moli ko‘pligi, suv zaxiralari kamligi hamda suv tejovchi texnologiyalar tahlili va yangi loyihalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Keltirilishicha, kanallarning foydali ish koeffitsiyenti past va ichki tarmoqlarda suv ko‘p yo‘qotilishi oqibatida qishloq xo‘jaligida yiliga 4 mlrd 800 mln dollar kam daromad olinyapti. Shu bois Jizzax viloyati Paxtakor tumanida tajriba tariqasida yopiq quvurli sug‘orish tizimini joriy qilish taklifi berildi. Prezident uni ma’qullab, bunday ishlarni Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ham bajarish zarurligini ta’kidladi. Sababi ushbu hududlar suv yetkazib berish xarajatlari eng yuqori joylardir. Loyihaning xarajatlarini qisqartirish, yopiq quvurli sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha 2 yillik dastur ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini yanada rag‘batlantirish maqsadida donli ekinlar va sabzavot yetishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun subsidiya miqdori hozirgi 1 mln so‘mdan 8 mln so‘mga oshirildi. Bank kredit stavkasi fermerlar uchun 17 foiz etib belgilandi.

Bu imkoniyatlarni mirishkorlarga yetkazib, moliyaviy rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi. “Agrobank” huzurida suv tejamkorligi bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirish uchun alohida markaz tashkil qilib, xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, yig‘ilishda uzoq dalalarga suv nasos stansiyalari yordamida yetkazilishi, ularning aksariyati eskiligi tufayli elektr energiyasi iste’moli juda yuqoriligi ta’kidlandi.

Prezident nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish, ularda muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Endi bunga Toshkent Irrigatsiya instituti olimlari jalb qilinadi, samarali loyihalarga qulay shartlarda kreditlar beriladi.

suv хўжалиги, sug‘oriladigan ер майдони

Bundan tashqari mintaqada suv tanqis bo‘lgan bir sharoitda O‘zbekistonda yiliga 1 mlrd kub metr sel suvlari behuda oqib ketyapti.

Prezident sel suvlarini kichik manbalarda jamg‘arish mumkinligini, bu borada tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.

Bunday loyihalar uchun 100 mln dollar jalb qilinadigan bo‘ldi. Ularning hisobiga suv chiqqan maydonlar tadbirkorlarning o‘zlariga uzoq muddatga erkin foydalanish uchun beriladi.

suv хўжалиги, sug‘oriladigan ер майдони

Yig‘ilishda ko‘tarilgan yana bir masala hozirgi kunda 450 ming gektar yoki sug‘oriladigan maydonlarning 15 foizi lazerli texnologiyada tekislanishi bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, agar bunday yerlar 2 baravar ko‘paytirilsa, yana 900 mln kub metr suv tejaladi, qo‘shimcha 200 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. Shuning uchun 2023-yilda mingta lazerli tekislagich olib kelinadi, klasterlar tomonidan fermerlarga lazerli tekislash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.