Bugun, 19-aprel soat 9:00dan yangi Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendumga muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. U 26-aprelga qadar davom etadi.

Referendum uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar amalga oshiriladi.

Byulletenda quyidagi savolga “Ha” yoki “Yo‘q” javob berish lozim: Siz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?

Muddatidan oldin ovoz berish tartibi

O‘zbekiston respublikasining referendumi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish uchun fuqaro referendum uchun saylov uchastkasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan borishi kerak.

Ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun referendum kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka komissiyasidan referendumda ovoz berish byulletenini oladi.

Ovoz beruvchi referendumda ovoz berish byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Referendumda ovoz berish byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida ovoz beruvchi tomonidan to‘ldiriladi.

Ovoz beruvchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan referendumda ovoz berish byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

Chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish fuqaroning turgan joyida o‘tkazilishi mumkin.

  • Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani (PDF) qabul qilish bo‘yicha referendum 30-aprel kuni o‘tkazilishi belgilangan.
  • Referendum o‘tkaziladigan uchastkalar ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi saytida keltirilgan.