18-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Kodeksning 332−1-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi kodeksning 131, 132, 136 va 140-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda qo‘llanilmaydi. Shuningdek quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:

  • jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;
  • xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilganda.

Qonun 1-maydan e’tiboran kuchga kiradi.