17-aprel kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Murod Xidir 84 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda uyushma matbuot xizmati.

Murod Xidir 1939-yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Olaqo‘yliq qishlog‘ida tug‘ilgan. 1962-yilda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. U “Qashqadaryo haqiqati” va “Kelajak tongi” gazetalaridagi publitsistik maqolalari bilan tanilgan.

“Guliston”, “Sharq yulduzi” va “San’at” jurnallarida ham faoliyat yuritgan. “Sirli olam” jurnali, “Qalb ko‘zgusi” va “Sohibqiron yulduzi” gazetalarida bosh muharrirlik vazifasini bajargan. Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasida turli lavozimlarda ishlagan.

Murod Xidir “Qirg‘oqlar”, “Amu sohillar bo‘ylab”, “Ko‘zacha va bo‘tacha”, “Toshko‘l”, “Kiyikcha va bo‘ynoq”, “Harf o‘yini” kabi kitoblar muallifi sanaladi.

Uyushma jamoasi Murod Xidirning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.