O‘zbekiston Markaziy banki aholidan to‘lovlarni amalga oshirishda komissiyaning eng yuqori miqdorini belgilash to‘g‘risidagi qaror loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Bugungi kunda bank kassalarida kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda iste’molchilardan xizmat uchun komissiya undiriladi. Masalan, elektr energiyasi uchun 100 ming so‘m to‘lashda ayrim banklar va to‘lov xizmatlari to‘lovchilardan vositachilik xizmatlarini undirishgan.

Prezident qarori bilan 2023-yil 1-maydan boshlab benefitsiarlari budjet va korporativ mijozlar bo‘lgan to‘lovlar bo‘yicha ko‘rsatilgan to‘lov xizmatlari uchun komissiya to‘lovlari (yig‘imlari) to‘lovchi — jismoniy shaxsdan undirilmaydi, balki to‘lov shaklidan qat’i nazar, to‘lov summasidan ushlab qolinadi.

Bunday holda, komissiya miqdori to‘lov miqdorining 1 foizigacha belgilanadi, ammo ularning umumiy miqdori Markaziy bank tomonidan belgilangan chegaralardan oshmasligi kerak.

Loyihaga ko‘ra, Markaziy bank komissiyaning maksimal miqdorini BHMning 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda (60,6 ming so‘m) belgilashni taklif qilmoqda. Agar bugungi kunda 200 mln so‘mlik superkontrakt uchun to‘lov amalga oshirilayotganda, ayrim banklar 1 foiz (2 mln so‘m) undirishlari mumkin bo‘lsa, 1-maydan komissiya to‘lov summasidan ushlab qolinadi va 60,6 ming so‘mdan oshmaydi.

Mazkur tartib quyidagi holatlarda amal qiladi:

  • barcha turdagi davlat bojlari va ma’muriy jarimalar uchun to‘lovlar;
  • davlat xizmatlari markazlari tomonidan, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun to‘lovlar;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalariga, shuningdek oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar;
  • barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar;
  • Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan undiriladigan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish uchun to‘lovlar;
  • E-auksion elektron savdo platformasi va K-Savdo avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘lovlar;
  • aviatsiya, temir yo‘l va jamoat transportining boshqa turlarida sayohat qilishda chiptalar sotib olish uchun to‘lovlar.

Kelajakda ushbu ro‘yxatga qo‘shimcha to‘lov turlari kiritilishi ham mumkin.

Loyiha muhokamasi 2-mayga qadar davom etadi.