Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati Telegram`dagi bir necha kanallarda Qozog‘istonning “24KZ” telekanali lavhasiga asoslanib, O‘zbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlangani aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Tarqalgan xabarlarda Turkiston viloyatida import qilingan 43 tonna zararlangan pomidor aniqlangani, ular O‘zbekiston va Erondan olib kelingani aytilgan. Pomidor kelgan joyiga qaytarib yuborilgani qayd etilgan.

O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining dastlabki tezkor surishtiruv va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston O‘zbekistondan import bo‘lgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (tomato brown rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlangani yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan va e’tiroznoma (notifikatsiya) jo‘natmagan.

Shuningdek, ikki mamlakat karantin xizmatlari tezkor ravishda muzokara olib borgan. Xususan, Qozog‘iston Fitosanitariya xizmati Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari Ibragim Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import bo‘lgan 43 tonna pomidor mahsulotida, aynan, O‘zbekistondan yuklangan pomidor mahsulotida xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqlagan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, pomidor eksporti bo‘yicha 2023-yil o‘tgan davr mobaynida importchi davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14 424 Qozog‘istonga) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan. Importchi davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlangani yuzasidan e’tiroz holati qayd etilmagan.

“Jahon bozoriga xavfsiz, tekshirilgan va turli kasalliklardan holi mahsulotlarni chiqarish, xalqaro qishloq xo‘jaligi maydonida O‘zbekiston brendi nufuzini mustahkamlash maqsadida har bir qishloq xo‘jaligi mahsuloti partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkaziladi”, — deyiladi vazirlik xabarda.

Shundan so‘ng, laboratoriyaning xulosasiga ko‘ra eksport va import jarayonlari amalga oshiriladi. Jumladan, pomidor jigarrang virusini aniqlash uchun ham namunalar 8 soat davomida maxsus polimeraza zanjir reaksiyasi (PSR) testidan o‘tkaziladi.