Yakuniga yetayotgan hafta davomida, aniqrog‘i, 12-aprel kuni taniqli o‘zbek yozuvchisi Murod Muhammad Do‘st 74 yoshga to‘ldi. O‘z vaqtida prezident Islom Karimovning matbuot kotibi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va “O‘zbekkino” milliy agentligi rahbari sifatida ishlagan ijodkorning asarlari orasida “Lolazor” alohida o‘rin tutadi. Yozuvchining tavallud kuni munosabati bilan “Gazeta.uz” 1970−1980-yillardagi turg‘unlik davrining ma’naviy, iqtisodiy va siyosiy tanazzulidan hikoya qiluvchi romandan parchalar beradi.


Qirq oltinchi yilning bahori tugab, yoz fasli kirganida Hotam Sho‘ro unga bitta ot berib, dashtga brigadir qilib chiqardi. Ustida sarg‘aygan askar gimnastyorkasi, o‘ttizta ayol, besh-olti o‘smir, uchta cholu bitta qo‘li yo‘q hisobchiga bosh bo‘lib yurdi. Bo‘sh qoldi deguncha, siyohqalam olib bir balolarni yozardi. Kolxozchilar hayron bo‘lardiki, nahotki, qirqta kishining mehnat kunini hisoblash shuncha qiyin bo‘lsa? Yoshgina tul juvon bo‘lardi, oti — Kunsuluv edi, qirq to‘rtinchi yilda erga tekkanu chillasini ham chiqarmagan. Ayniqsa, shu sinchkov edi, necha mehnat kuni olganini bilmoq istab, nuqul pisib kelardi-da, yelka osha qarardi. Yaxshiboyev uni sezib qolsa, bas, Karim hisobchidan yalinib olgan qalin daftarini shartta yopardi. Voy, bo‘yningizda chumoli yuribdi, deb xitob qilardi Kunsuluv, keling, o‘zim olib tashlay… Olib tashlardi ham. Har gal chumolini olib tashlaganida Yaxshiboyevning bo‘z tani jimirlab ketardi. Kunsuluvning ko‘zlari o‘tkir edi, chumoliyu mayda-chuyda qo‘ng‘izchalarni topishga usta edi. Chumolidan qo‘rqardi shekilli, har gal yigitning bo‘ynida olib tashlayotganida barmoqlari titrab-titrab ketardi, nafasi issiq edi uning, go‘yo tepangda bitta emas, ikkita quyosh kuydirib turganday… ayniqsa ikki o‘rim sochi bo‘yningni ilonday o‘ragani yomon edi.

Yaxshiboyev chidardi. Kim bilsin, boshqacharoq taqdirdan umid bo‘lganmi o‘shanda… Uyalardi, Kunsuluvdan qochibroq yurardi, atay o‘zini ayollar ko‘proq joylarga urardi, atay dovdirroq qizlarga xushomad qilardi. Dovdir qizlarning yuzlari naqsh olmadek qizarishini ko‘ring edi. Eng xunuklari ham malika bo‘p ketardi o‘shanda!.. Rahmi kelardi ularga, iloji bo‘lsa-da, bir yumalab qirqta yigitga aylansa, qirqta qirqin qizga uylansa, qirqini ham baxtli qilsa! Lekin biriga ham daxl qilmadi-ku? Sababi ne? Vijdon zo‘rligimi?

Endi ishonging kelmaydi. Endi u gaplarga sal yengilroq qarash mumkin. Lekin unda qiyinroq edi… Bir kuni peshinda, xirmonda don sovurib, horib-charchab, shabada tingan paytida somon g‘aramiga yonboshlagancha uxlab qoldi. Nafasi qaytib uyg‘ondi. Ko‘rsa, ustida Kunsuluv yotibdi, ikki qo‘lini yuzlariga mahkam bosgan, yelkalari qalt-qalt titragan… Ilkis silkindiyu tagidan sirg‘alib chiqdi. Ayol g‘aramdan pastga dumaladi. Dumalagan paytida ham qo‘llarini yuzidan olmadi. Pastga tushib, tuproqqa belandi.

— Miyang joyidami, chillasi chiqmagan tul! — deb baqirdi Yaxshiboyev.
— Chillam chiqmagani rost, — dedi ayol tuproqqa belanib yotgan joyida. — Chimildig‘im ham yig‘ilgani yo‘q.
— Chimildiq — eskilik sarqiti! — deb baqirdi Yaxshiboyev.
— Men o‘zim sarqit emasman-ku, akajon!.. — dedi Kunsuluv. — Yaxshi ko‘rsam, nima qilay, akajon?! Opketing meni, mayli, qayoqqa desangiz ham ketaveraman, opketsangiz bas…
— Esingni yig‘, bor, mashog‘ingni ter! El nima deydi, o‘ylamadingmi, enag‘ar?
— Qiz ko‘p-da, a? Tulligimdan hazar qilyapsizmi?
— Urush, Kunsuluv, urush… tulligingga men aybdor emasman.
— Qiz bo‘lsam qarardingiz!.. Qizman men, akajon, ishonmasangiz… ana, poxolga yotqizib ko‘ring!
— Endi shu gapni elga yoyishing qoldi. Uyating yo‘q ekan, Kunsuluv!
— Elga yoymayman, siz bilsangiz bas-ku, akajon!.. O‘n gulimdan bir gulim ochilmagan, akajon! Tozaman, akajon, Nu’mon aravakash opkeladigan suvning yarmini kim o‘g‘irlashini bilmaysiz-da!.. Go‘rimga g‘isht qalaydi, lekin men na qilay, akajon, ko‘nglim sizni tusasa, men bechorada ne ayb?.. Yo sizga bir balo bo‘lganmi, akajon, nega hech qaramaysiz?!

Yaxshiboyevning yuziga qon tepdi. Bir xayoli tuproqqa belanib yotgan ayolni shart ko‘tarib, g‘aramga bosish bo‘ldi, lekin… Lekin bu istak g‘azabdan ekanini sezib turdi. Bunday jo‘n istak ham borday edi, ammo odamlar ko‘rishidan cho‘chidi. Cho‘chimaganida ham hamma narsa ayon edi. Kunsuluv endi o‘ziniki, alamzadalik qilmasa, bas, qasdlashmasa, bas — o‘ziniki!..

Sekin borib, ayolni yerdan turg‘azdi. Sochiga ilashgan xas-cho‘plarni olib tashladi. Chang bosgan kichkina dag‘al qo‘lini olib, sekin labiga bosdi — kitoblarda o‘qigan edi, olti yil urushib ham esidan chiqmagan ekan! Ayol bechora unga angrayib tikildi, so‘ng shosha-pisha ko‘ylagini qoqa boshladi.

— Shoshmaylik, Kunsuluv, — dedi Yaxshiboyev. — Bilaman, sen yaxshi… qizsan, lekin sal shoshmaylik. Meniyam ko‘nglim tusaydi seni…

Shunday dediyu shart qayrilib, angorga oralab ketdi. Sal o‘tmay shudgor boshlandi. Bir gektarcha joy edi. Xotin-xalaj bilan birlashib, shuniga joyni shudgor qilib, qovun-tarvuz urug‘ini qadagan edi. Palagi uzayib qolgan ekan, bilib-bilmay, yashil paykalni ezg‘ilab, bandlarini uzib ketaverdi. Shudgordan nariga o‘tganida, ortidan ot dupuri eshitildi. Qarasa, Hotam Sho‘ro…

— Nima qilyapsan, enag‘ar cho‘ponning bolasi! — deb baqirdi rais. — Ko‘kka ko‘zing o‘rganmagan-da a? Bitta ayol boqmasa, shuning qasdiga palakni uzasanmi palakat?!

Yaxshiboyev hayratlanib tikildi unga. Tikildiyu darrov tushundi — raisning bo‘yniga kichikroq durbin osilgan ekan.

— Holingga qarab yur, bola, yo‘qsa naq ko‘zingni o‘yib olaman!
— E, menda nima ayb! — deb qichqirdi Yaxshiboyev. — O‘zi kep tirg‘aldi-ku?..
— Shundaymi?.. — dedi Hotam Sho‘ro sal o‘ylanib. — Kunsuluv edimi?
— O‘sha, boshqa kim bo‘lardi!..
— Nomardlik qilma, — dedi Hotam Sho‘ro. — Ko‘ngling bo‘lsa, uylan shunga. Yaxshi narsa lekin, tul qolgan-u, bo‘y qizlarga bo‘y bermaydi. Uylan, itday xizmatingni qiladi… Uylan, enag‘ar, qizligini qovurib yeysanmi?
— Gap-so‘z ko‘payadi.
— Gapdan qo‘rqasanmi hali? E ukam, bilmabsan-da, bu, odamzod degani Odam Ato zamonidan beri gapiradi-ku? Jag‘i tinganini hech bir eshitganmisan? Uylan-da, nomard, Kunsuluv bo‘lmasa — Oysuluv, tul bo‘lmasa — bo‘ydog‘i, qachongacha belga boylab yurasan, bachchag‘ar? Shuncha xotin-xalajning orasida yurib, hammaning ko‘nglini buzasan-ku? Egali bo‘l-qo‘y! Nima qilasan, ularni ham, o‘zingni ham qiynab?..

Yaxshiboyevning unagisi bor edi. Unagisi borki, bir kuni onasiga maslahat soldi: men shu Kunsuluvga uylansam, ena. Ona bechoraning jahli chiqdi. Oring bormi, deb qichqirdi, shuncha bo‘y qiz turganda Kunsuluvga uylanasanmi? Yaxshiboy cho‘pon aksincha, jo‘yali qilib gapirdi: qo‘y, kampir, buni urishma, azbaroyi odamligidan bu, bir tul bechoraga qayishganidan, nega o‘g‘lingni koyiysan, axir, urushni ochgan u emas, girmon qistaloq-ku? Girmonni yer yutsin, deb qarg‘andi ona, o‘g‘lim omon kelganiga yarasha tengrog‘idan topsin-da, otasi, satta (yuzta) qizdan saylab olmaysanmi?

Yaxshiboy cho‘pon o‘lguday sodda odam edi. Kechqurun o‘g‘lini yolg‘iz qilib, sekin maslahat berdiki, elu yurtning udumi shu, bolam, agar shu Kunsuluvga ko‘ngling ketgan ekan, avval mundayroq bir qizga uylanib, keyin bo‘yida bo‘lmasidan haydab yuborib, rasmi-rusmini keltirib, undan keyin Kunsuluvning o‘ziga og‘iz solsang bo‘lmasmikin, Nazarboy?.. Yaxshiboyevning jahli chiqdi: bo‘lmag‘ur urfni deb yana bir bechorani qurbon qilish nimasi, ota? Yaxshiboy cho‘pon pinagini buzmadi: mundayroq bir xunugiga uylansang hech narsa bo‘lmas, bolam?.. O‘g‘il battar g‘azablandi: borib turgan xurofot bu, ota! Yaxshiboy cho‘pon ham bo‘sh kelmadi: mening bo‘lganim shu, bolam, sut bilan kirgan edi, endi jon bilan chiqadi!

“Men-chi? — deb so‘radi o‘shanda Yaxshiboyev alam bilan. — Sizning bolangizman-ku, nega men o‘zgara oldim-u, lekin siz…”

“Sen sutning ustidan aroq ichib qo‘ygansan, bolam”.

Otaning xurofoti ham, elu yurtning urfu udumlari ham — barisi o‘z yo‘liga. Keyinchalik Yaxshiboyev xuddi shu mavzuda — bo‘y yigit er qilgan xotinga uylanishi mumkinmi yoinki beva erkak qiz bolaga uylanishi mumkinmi — yozilgan semiz-semiz kitoblarni o‘qib kuladi, o‘sha kitoblarni tahlil etib necha-necha gazetayu jurnal sahifalarini band etgan tanqidchilardan ham kuladi. Majlislarda so‘zga chiqib, e nodonlar, adabiyotning vazifasi — muayyan odamning iffatiga qorovullik emas, deb aytadi, adabiyot vijdonni muhofaza etadi, xolos, iffat ham, g‘urur ham, nafosat ham shunda!..

Aytadi-yu, lekin gaplariga ham o‘zi ham ishonmaydi. Endi bu gaplar unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Uning o‘ziga to‘g‘ri kelmaydi…

“Lolazor” romanining 1988-yilda chop etilgan birinchi nashri. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”

***

Qo‘lidagi trubka zirillayotganini payqadi, demakki, g‘o‘zashunos chol ham javrayapti. Quloq solib o‘tirmadi. Mikrofonga bir-ikki qattiq chertdi-da, cholning unini o‘chirdi.

— Aleksandr aka, — dedi kulib. — Men umrimni yashab bo‘ldim, tashvishim qolmadi. Siz hali tashvish qilsangiz yarashadi, siz endigina yuzga kiryapsiz, hali necha-necha gullaringiz ochilmasdan turibdi. Tezroq harakat qiling, o‘rtoq Shoymardonov? Nega jimsiz?..
— Gapiravering,. — sustroq javob keldi trubkadan.
— Birovga zavol tilash — gunoh. Zavol tilamaylig-u, shunchaki zavol fursatini tasavvur etaylik. Nazarimda, siz allaqachon tasavvur etib ulguribsiz, Aleksandr aka, gapimni tez va oson tushunasiz.
— Xo‘sh-xo‘sh? — g‘o‘zashunosning ovozi birdan jonlandi.
— Do‘stim qazo qilsa yoki amaldan ketsa, bas, uni so‘kadiganlar shu qadar ko‘payadiki, chetroqda indamay turganlar ancha jo‘yali bo‘lib tuyulaveradi. Haqiqiy jabrdiydalar qolib odob yuzasidan chetga chiqib turadilar, Aleksandr aka, sizu menga o‘xshagan do‘stlari, kimki uning yalog‘idan to‘yib yuvindi yalagan bo‘lsa, o‘shalar kimoshdi savdoga qo‘yib so‘kadi!..
— Folingiz dahshatli-ku, Nazar Yaxshiboyevich? — deya pixilladi Shoymardonov. Balki o‘ngidan kelmas?..
— Kulma, jipiriq! — dedi Yaxshiboyev. — Senga qolganda o‘ngidan keladi! E, sening ota-bobongning suyaklariga!..

So‘kishini Shoymardonov eshitdimi, yo‘qmi, durust anglamadi — uzuq gudok chalinib qoldi. Mayli, dedi, g‘o‘zashunos hisobmas, o‘zim bilan o‘zim gaplashdim asli. Umrdan qismasa bo‘ldi, hammasini ko‘ramiz. So‘kadiganlar ko‘p. Hali ot o‘g‘rilari ham Oshnodan jabr chekkan bo‘lib chiqajak. Zamon zaylini endi ko‘rayotganim yo‘q. Shunday payt keladiki, murg‘ak qizchalarni buzgan moxovlar ham marazlarini Oshnoga chaplaydi! Lekin men indamay turaman. Ajabmaski, sukutim bois odamlarga farishta bo‘lib tuyulsam. Menga tegishmadyi. Tegisholmaydi. Sababi — yoshim ulug‘, boz keyin men unchalik ham yolg‘iz emasman. Oshnoning poyiga patak bo‘lganlar oz emas. Oshnoni yotib yeganlar-chi? Juda ko‘p ular! Biri dala hovli olgan, biri mashina olgan, biri — unvon, biri — nishon!.. Xudo uribdimi! Oshno tugul, Oshnoga ma’qul kimsalarni, xususan, To‘porini, Yoshullini, marhuma Qurbonoy qizimizni maqtaganlar son mingta. Ularni qo‘yaylik, mening o‘zimni maqtaganlar-chi? Yo‘q, menga daxl qilisholmaydi. Daxl qilishgandayam, bir cho‘qishda qochiraman ularni!..

***

Yaxshiboyev birdan tetik tortdi. Narigi xonaga o‘tib, televizorning murvatini buradi. Axborot berilayotgan ekan. Bayroqlar bilan bezalgan binoni ko‘rsatishdi. So‘ngra bayroqlardagi qizg‘ish yog‘du odamlarning ust-boshiga, keng maydonda tizilgan samolyotlarning qanotlariga ko‘chdi. O‘ng burchakdan yerga qo‘nayotgan yana bir samolyot ko‘rindi. So‘ng — Oshno, boshqa rasmiy kishilar, yordamchilar, qo‘riqchilar, gul ko‘targan kashshoflaru komsomollar… kattalar oldinda, kichiklar orqaroqda… birgalashib peshvoz yurdilar.

Diktor xotin e’lon qildiki, uzoq mamlakatga ketaturib Toshkentda qisqa muddat to‘xtab o‘tuvchi zotni kutib olish marosimi bo‘ldi. Yaxshiboyev Oshnoning Buxorodan nega oshig‘ich qaytgani sababini endi angladi. Kursi qo‘yib, tuzukroq joylashib o‘tirdi. Nihoyat, samolyot yaqinroq kelib to‘xtadi. O‘ziyurar zinapoya g‘irillab borib samolyot qorniga taqaldi. Eshik ochilib, avvaliga ko‘k kiyimli sohibjamol qiz, so‘ng Toshkentda Qisqa Muddat To‘xtab O‘tuvchi Zot ko‘rindi. Pastga ildam tushib keldi. Oshno, yuzida tabassum, olg‘a yurdi, quchoq ochdi. Toshkentda Qisqa Muddat To‘xtab O‘tuvchi Zot negadir achomlashmadi, faqat qo‘l uzatdi. Shu lahzada kamera Oshnoning yuzini katta qilib ko‘rsatdiki, Yaxshiboyev uning sarosimada ekanini aniq-tiniq ko‘rdi. Keyin Oshno yoyilib tabassum qildi. Toshkentda Qisqa Muddat To‘xtab O‘tuvchi Zot ham iljaydi. Lekin Yaxshiboyev hali-hanuz Oshnoning yuzidagi tahlikayu sarosimani ko‘rib turardi.

Tamom, deb o‘yladi, anavi yordamchisi rost aytgan ekan, endi baribir ulgurolmaymiz. Ikkovi nuqul achomlashib yurardi, ikkovining do‘stligiyu ikkovi mansub xalqlarning do‘stligini manzuma ham qilib edik, bas, butun achomlashmagan ekan, Oshnoning kuni bitgani aniq.

Diktor xotin Toshkentda Qisqa Muddat To‘xtab O‘tuvchi Zot bilan Oshnoning qisqa muddatli suhbati tafsilotini xabar qildiki, Toshkentda Qisqa Muddat To‘xtab O‘tuvchi Zot respublika mehnatkashlariga mehnatda omad tiladi, qolgan bir million tonnalik majburiyatni ham o‘z vaqtida va nest-nobud etmasdan yig‘ib-terib olishlariga yuksak ishonch bildirdi.

So‘ng aytdiki, Toshkentda Qisqa Muddat To‘xtab O‘tuvchi Zot “…shu kunning o‘zidayoq qo‘shni mamlakatga jo‘nab ketdi”.

Yana aytdiki, Oshno ham “…paxtakorlar huzuriga jo‘nadi”.

Yaxshiboyevning mazasi qochdi. Kursidan turib, ihrana-ihrana ichkari xonaga o‘tdi. O‘ringa cho‘zildi. Xud-bexud bo‘lib, to‘shakda to‘lg‘anib yotaverdi. Sal o‘ziga kelib, konsert sadolarini eshitib, televizorni o‘chirishni unutganini sezdi:

O‘zbekistonda bugun hamma — paxtakor!..

Enag‘ar shoirlar ham og‘ziga kelganini yozaverarkan-da, deb xayol qildi, eski yo‘qmi bularning, uyalmaydimi?

— Oshno paxtakorlar huzuriga jo‘nab ketdi, — dedi ovoz chiqarib. — Paxtakorlar huzuriga borib nima qiladi, loydan chiqarib beradimi? Hosil baribir yo‘q-ku? Yoki voha rahbarlarining tepasida turib olib, qo‘shib yozasan, deb talab etadimi? O‘, enag‘ar Oshno! Qanoat qilsang netardi? Aytsang bo‘lmasmidi o‘sha Katta Paxtakoringga, qo‘limdan kelmaydi, deb? Qarg‘ishga qolaman, deb?! Silab-siypala edi, juda ko‘navermasa, ungayam birorta tilla haykalcha sovg‘a qil edi!.. Yo‘q, qo‘rqasan! Paxta narxi oshsin, deyishganida, paxta juda ko‘p-da, davlatimiz ziyon ko‘radi, deb aytgan davlatparvar ham sen o‘zing!

Qahri keldi. Tasavvur etdiki, Oshno ayni lahzada paxta dalasida. Dala — qop-qora, poyalar — ship-shiydam, chanoqlar — bo‘m-bo‘sh, Oshno o‘zi sovuqda diydiragan… E, qoraygan yer qoldimi o‘zi, deb o‘yladi, hammayoq tuzdan pes bo‘p qoldi-ku! Sho‘r bosgan dalaga qo‘yaman Oshnoni. Oppoq sho‘r bosgan dalada, oppoq sho‘rni hidlab, oppoq sho‘r ko‘zlariga oppoq paxtazor bo‘lib ko‘rinib tursa… o‘lsa… bundan ham ortiqroq sharaf bormi o‘zi?!

Cho‘chidi — go‘yo ko‘nglidagini birov o‘qib turganday. Qulog‘iga ashulaning avji kirdi:

To‘ydirib quy qadahlarni, yangrasin alyor,
Xalqlar — ozod, Vatan obod, hamma — baxtiyor!..

Eshitmaslik uchun boshini yostiqqa burkadi. Yostiq osti toshday qattiq edi…