15-aprel kuni Toshkent viloyatining Parkent tumani Krasnogorsk (Qiziltog‘) shaharchasi aholisiga qulay va sifatli transport xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish uchun qator yo‘nalishlarda avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, Krasnogorsk-So‘qoq-Changi-Parkent, Krasnogorsk-Yangibozor-Toshkent hamda Krasnogorsk-Yangibozor-Nurafshon yo‘nalishida uzoq yillar davomida to‘xtab qolgan avtobus harakatlari faoliyati qayta tiklandi.

Viloyat Transport boshqarmasi tomonidan Qiziltog‘ qishlog‘i-Parkent ASHB shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 3 ta harakat jadvali bilan, Nevich mahallasi-Rohat-Qo‘yliq 5-metro bekati (Qiziltog‘ qishlog‘i orqali) shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 7 ta harakat jadvali bilan hamda Qiziltog‘ qishlog‘i-Nurafshon ASHB shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 1 ta harakat jadvali bilan tashkil etildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu yo‘nalishlarda faoliyat olib borish vazifasi “Krasnogorsk avto xizmat” MCHJga yuklatildi. Hozirda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor tomonidan har bir yo‘nalishga 4 tadan transport ajratildi. Keyinchalik yo‘lovchi oqimini hisobga olgan holda avtobuslar soni ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.

“Ushbu yo‘nalishlarda qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida yurtdoshlarimiz uchun turizm qishlog‘i bo‘lgan Krasnogorsk (Qiziltog‘)ga Toshkent shahri Qo‘yliq mavzesidan, Toshkent viloyatining ma’muriy markazi Nurafshon shahridan hamda Parkent tuman markazidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobuslarda yetib olish imkoniyati yaratildi”, — deyiladi xabarda.