13-aprel kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati Shofirkon tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, sessiya ishida viloyat hokimining o‘rinbosarlari, Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, boshqarma, korxona, tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qatnashgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Shofirkon tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Jamshid Fazliddinovich Sharopov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi.

Sessiyada Shofirkon tumani hokimi lavozimiga Davlat soliq qo‘mitasi moliya-iqtisod boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Fayzilloyev Alisher Abdilloyevich nomzodi deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, Alisher Fayzilloyev 1979-yilda Buxoro tumanida tug‘ilgan. 2003-yilda Toshkent moliya instituti tamomlagan. Mutaxassisligi — moliyachi.

2013−2017-yillarda Toshkentning Chilonzor va Sergeli tumanlari moliya bo‘limi mudiri, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi DUK direktori o‘rinbosari (2018−2019), Transport vazirligi Iqtisodiyot va tarif-narx siyosati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari (2019−2020), Transport vazirligi Moliya-iqtisod boshqarmasi boshlig‘i (2020−2022) lavozimlarida ishlagan.