Malayziya kompaniyasi rahbariyati bilan O‘zbekistonda elektrobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Malayziyaning Gemilang Coachwork Sdn. Bhd kompaniyasi ijrochi direktori Pang Chong Yong bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda vakillar kompaniya to‘g‘risida taqdimot namoyish etdi va kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobuslar, ularning xususiyatlari, eksport geografiyasi, shuningdek, kelgusi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda Malayziya kompaniyasi va “O‘zavtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Pang Chong Yong O‘zbekistonning Uz Truck and Bus Motors QK MCHJ bilan o‘zaro hamkorlik holatidan mamnun ekanini bildirib, kelgusida “Samavto” MCHJ korxonasi bilan korxona ehtiyojlari uchun alyuminiy kuzovlar yetkazib berish va birgalikda elektro avtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv natijasida Malayziya kompaniyasi bilan “O‘zavtosanoat” AJ o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va “Samavto” MCHJ negizida elektro avtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha onlayn muzokaralar o‘tkazish yuzasidan kelishib olindi.

1992-yilda tashkil etilgan bosh qarorgohi Malayziyaning Johor shtatida joylashgan Gemilang Coachwork Sdn. Bhd. avtobuslar va butlovchi qismlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 1 mingga yaqin avtobus va kuzovni tashkil etadi.

Korxona mahsulotlari AQSh, Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo va O‘zbekistonga eksport qilinadi. Mazkur kompaniya va Uz Truck and Bus Motors QK MCHJ o‘rtasida 2015-yilda hamkorlik o‘rnatilgan. Hamkorlik doirasida Malayziya kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga MAN avtobuslari uchun 350 ta kuzov yetkazib berilgan.