Malayziya kompaniyalari bilan O‘zbekistonda uchuvchisiz boshqariladigan apparatlarni ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilinmoqda, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Navoiy” maxsus iqtisodiy zona direksiyasi AJ vakillari va Malayziyaning uchuvchisiz boshqariladigan apparatlarni (dronlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bir qator yetakchi kompaniyalari o‘rtasida onlayn uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbirlar chog‘ida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida foydalanish uchun dronlar ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Malayziya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqariladigan dronlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi. Xususan, xorij tomoni qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan AGRI seriyalaridagi dasturiy ta’minot bilan integratsiyalashgan purkagich dronlari, Octocopter seriyali kurer dronlari va UGV-Unmanned Ground Vehicle kabi dronlarning texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

Ushbu mamlakatning Alphaswift, Meraque va Aonis kompaniyalari mamlakatda dronlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish istiqbollarini o‘rganib chiqishga qiziqish bildirdi.

Alphaswift kompaniyasining asosiy faoliyat turi qishloq xo‘jaligi va yetkazib beruvchi dronlarni ishlab chiqarish, ularni modifikatsiyalashga ixtisoslashgan.

2018-yilda tashkil topgan Meraque kompaniyasi keng turdagi dronlarni va ular uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqarish, robototexnikaga ixtisoslashgan. Kompaniya Vetnam, Kambodja, Filippin, Laos va Pokistonda faoliyat yuritadi. Mazkur kompaniya Malayziyada 2022-yilning eng innovatsion texnologiyasi tanlovida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Aonis kompaniyasi Xitoyning jahondagi eng yirik dron ishlab chiqaruvchi DJI kompaniyasining Janubi-Sharqiy Osiyodagi rasmiy distribyutori hisoblanadi. Aonis tomonidan qishloq xo‘jaligi va sanoat soxasida keng turdagi dron xizmatlari ko‘rsatiladi.