Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida fuqaro xonadonida tug‘ilgan ikkita tulki bolasi hayvonot bog‘iga topshirildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi viloyat boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, “Soybo‘yi” MFY hududida yashovchi fuqaro Ravshan Mamajonov uyining tom qismida tulki bolalagani haqida murojaat qilgan. Boshqarma inspektorlari xonadonga yetib borguniga qadar jonivorlar och qolib, nobud bo‘lmasligi uchun uy egasi ularni oziqlantirib turgan.

tulki, фарғona viloyati, hayvonot боғи

Foto: Tabiat resurslari vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi matbuot xizmati

Xodimlar hamkorlikda fuqaroning tom qismidan tulki bolalarini shikast yetkazmasdan olib tushgan.

Qayd etilishicha, parvarishga muhtoj ikkita tulki bolasi Farg‘ona shahridagi hayvonot bog‘iga dalolatnomaga asosan topshirilgan.

tulki, фарғona viloyati, hayvonot боғи

Foto: Tabiat resurslari vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi matbuot xizmati

Vazirlikning viloyat boshqarmasi matbuot kotibi Gulnoza To‘xtasinovaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ona tulkining bolasi to‘rtta bo‘lgan.

“Fuqaro xonadoni dala maydoniga juda yaqin joylashgan. Ona tulki uyning tom qismidan o‘tgan pechka mo‘risi oldida yashab kelgan. Sovuq kunlarda o‘sha joyda bolalagan. Ikki oylik bo‘lgan tulki bolalarining ovozini eshitgan xonadon vakillari tomga chiqqan vaqtida ona tulki ularni ko‘rib, qochib ketgan. Tetikroq ikkita tulki bolasi esa tuynukka kirib olgan. Fuqarolar ona tulkining kelishini bir necha kun kutishgan, ammo undan darak bo‘lmagach, ekologiya boshqarmasining ishonch telefon raqamiga murojaat qilishdi”, — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ikkita tulki bolasi juda yosh bo‘lgani va o‘zini eplolmagani bois tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborilmagan. “Hayvonot bog‘iga yaqin hududda yashaydigan ekoinspektor kunora tulki bolalaridan xabar olib turibdi. Fuqarolar obodonlashtirish xodimlari bilan doimiy muloqotda. Agar tetikroq ikkita tulki bolasi tuynukdan chiqsa, ularni ham hayvonot bog‘iga topshiramiz”, — dedi Gulnoza To‘xtasinova.