Davlat xavfsizlik xizmati Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarining 2 nafar hokim yordamchisi qamoqqa olingani haqida xabar berdi.

Aniqlanishicha, Yakkabog‘ tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisiga o‘zi norasmiy rahbarlik qiluvchi 2 ta MCHJga qurilish materiallari sotib olish bo‘yicha bankdan 1,7 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan. U pulni boshqalar bilan jinoiy til biriktirib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytilmoqda.

Hozirda mazkur hokim yordamchisi va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yana bir holatda esa Shahrisabz tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi fuqaro foydalanib kelayotgan 5 gektar yer maydoni auksion savdolariga chiqib ketganidan xabardor bo‘lgani, unga ushbu yer maydonining 50 sotixini qoldirib berish evaziga 500 dollar olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan ushlangani xabar qilindi.

Hozirda mazkur hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va 28,211- (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.