O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedovaнинг uyidan 600 ming dollarga teng qimmatbaho taqinchoqlar o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda uning o‘zi YouTube`dagi Sirojiddin media kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Taniqli raqqosaning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilning 28-dekabr kuni yashash xonadoniga o‘g‘ri tushgan. Ota-onasidan meros bo‘lib qolgan tilla taqinchoqlar, brilliant va boshqa qimmatbaho toshlar o‘g‘irlab ketilgan. O‘g‘rilar tezda topilgan. Lekin qimmatbaho brilliant va tillalar qaytarilmagan. Ularning umumiy qiymati 600 ming dollarga baholangan.

San’atkor bu ish uyushtirilganini aytmoqda. Uning ta’kidlashicha, o‘g‘rilar Navoiydagi qamoqxonadan chiqqanidan uch-to‘rt kun o‘tib, Toshkentga kelgan va raqqosaning uyini tunab ketgan. Tergovchilar o‘g‘rilar bilmasdan qimmatbaho taqinchoqlarni 250 ming so‘mga sotib yuborishganini aytgan. Jabrlanuvchi ushbu so‘zlarga ishonmayotganini bildirdi.

“Bilaman, bunaqa voqealar juda ko‘p bo‘ladi. Lekin bu boshqacha bo‘ldi. O‘g‘rilarni juda tez topishdi. Eng qizig‘i, meni uyimga ularni kim jo‘natdi? Kim menga shuncha yomonlik tiladi? Men nima yomonlik qildim?”, — deydi Malika Ahmedova.

Taniqli baletmeyster o‘z intervyusida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan yordam so‘rab, unga murojaat ham yo‘lladi.

O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedovaning mazkur intervyusi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Uning tergov harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan videomurojaati yuzasidan Bosh prokuratura axborot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 11-aprel kuni Malika Ahmedova Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori Aliakbar Pulatovning qabuliga taklif qilindi va uning tergov bilan bog‘liq e’tiroz hamda vajlari tinglandi.

бош prokuratura, малика аҳмедоva, qimmatbaho toshlar

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

“Qabul davomida M.Ahmedovaga tuman prokuraturasiga taqdim qilingan jinoyat ishi tegishli tartibda o‘rganib chiqilganligi va tergov organiga ish bo‘yicha qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazish haqida yozma ko‘rsatma berilgani tushuntirildi”, — deyiladi prokuratura axborotida.

Ta’kidlanishicha, 8-aprel kuni jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash va sudga yuborish uchun tuman prokuraturasiga taqdim qilingan.