11-aprel kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston yoshlari tashabbuslari” jamg‘armasi va elektron platformasi tashkil qilinishi haqida xabar berildi.

Qayd etilishicha, 2021-yilda 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga olgan korxonalarga to‘langan ijtimoiy soliqni qaytarib berish amaliyoti joriy qilingan. Bundan 9 mingdan ziyod korxona foydalandi, ularga 150 milliard so‘mlik ijtimoiy soliq qaytarildi, 100 ming yoshlar bandligi ta’minlandi. Shu bois ushbu tajribani yana 2 yilga uzaytirishga qaror qilindi.

1-iyundan boshlab “Yoshlar daftari”ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimini joriy qilish topshirildi.

Yoshlar o‘rtasida IT, reklama, kino, arxitektura, dizayn, marketing, hunarmandchilik, rassomchilik kabi yo‘nalishlarga qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, viloyat hokimlariga yil yakunigacha bittadan “Kreativ park” tashkil etish topshirildi. Ularda IT park rezidentlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qo‘llanadi.

Bu maqsadlar uchun “Yangi O‘zbekiston yoshlari tashabbuslari” jamg‘armasiga 100 million dollar yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar iqtidorli yoshlarning eng yaxshi g‘oya, startap va loyihalariga qulay va yengil shartlarda, zarur bo‘lsa, foizsiz va garovsiz ajratiladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini ishlatish tizimi ham o‘zgarishi ma’lum qilindi.

“Bu jamg‘arma yoshlarni ko‘proq kasbga, tadbirkorlikka o‘rgatib, bandligini ta’minlashga xizmat qilishi kerak bo‘lsa-da, hokimlar atigi 10 foiz mablag‘ni bandlikka yo‘naltirgan, „Yoshlar daftari“ orqali ko‘rsatiladigan 25 ta yordamning 5 tasidan foydalanmoqda”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Shu sababli:

  • endi yoshlarga kasbga o‘qish, mehnat quroli, urug‘-ko‘chatga subsidiya kabi turdosh xizmatlardan bir vaqtning o‘zida foydalanish imkoniyati yaratiladi;
  • urug‘ va ko‘chat uchun 2,5 million so‘m o‘sha hududdagi urug‘-ko‘chat xo‘jaliklaridan sotib olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi;
  • “Yoshlar daftari” bilan ishlashda yoshlarni animatsiya, dizayn, logistika operatori, gid kabi zamonaviy kasblarga o‘qitishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bu tizim bilan maktablarning 10−11-sinf o‘quvchilari ham qamrab olinadi;
  • bundan buyon “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘ining kamida 40 foizi aynan kasb-hunarga o‘qitishga yo‘naltiriladi;
  • joriy yilda zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun 100 milliard so‘m ajratiladi va kamida 25 ming nafar yoshlar o‘qitiladi.

Ehtiyojga qarab, bunga yana mablag‘ ajratiladi.