“Toshkent xalqa avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi buyurtmachiligida 31-mart kuni 2 ta lot bo‘yicha o‘tkazilgan 3 mlrd 220 mln so‘mlik davlat xaridida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, jarayonda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (Raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (Manfaatlar to‘qnashuvi), 46-moddasi (Davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilgan.

Xususan, 2 ta lot bo‘yicha xaridda ishtirok etgan 2 nafardan tadbirkorning hujjatlari xarid komissiyasining kotibi foydalangan kompyuterning IP-manzili orqali elektron platformaga yuklangan.

Shuningdek, o‘tkazilgan ushbu davlat xaridida xarid komissiya raisi va a’zolarining ishtirokisiz, boshqa shaxs tomonidan ularning elektron raqamli imzolari orqali xarid natijalari baholangani va imzolangani ma’lum bo‘ldi.

Holatlar bo‘yicha 3-aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan va qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan. Holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga so‘rovnoma kiritilgan.

Agentlikning taqdimnomasiga binoan unitar korxona tomonidan 4-aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Antikorrupsiya agentligi fevralda davlat xaridlarida 25 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlarini aniqlagandi. Xususan, Uzbekistan Airports, “Hududiy elektr tarmoqlari” Xorazm filiali, Toshkent viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan. Buyurtmachilarga taqdimnoma kiritilgan.