Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023-yilga qadar xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan xodimlari qanday sovg‘alar qabul qilganini ochiqladi. Bu agentlik saytida ilk bor e’lon qilingan Sovg‘alar reyestrida ko‘rsatib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, shu vaqtgacha qiymati 14 mln 570 ming so‘mlik 8 ta sovg‘a agentlikka hadya qilingan. Ularning barchasini tashkilot direktori Akmal Burxonov qabul qilgan.

korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, sovg‘alar реестри

korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, sovg‘alar реестри
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Ulardan to‘rttasi stol ustiga qo‘yiladigan suvenir bo‘lsa, yana to‘rttasi devorga osiladigan rasmdir. Suvenirlarning eng qimmati Misr Ma’muriy nazorat idorasi tomonidan yuborilgan (narxi 3,2 mln so‘m). Qolgan 3 tasi Qirg‘iziston ombudsmani (1 mln 420 ming so‘m), Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (1 mln 650 ming so‘m), Afg‘oniston Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan (1 mln 350 ming so‘m) berilgan.

Devorga osiladigan rasmni esa Ozarbayjon Korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi (1,4 mln so‘m), Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori (1 mln 450 ming so‘m), Tojikiston Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (1,6 mln so‘m va 2,5 mln so‘m) yuborgan.

Berilgan hadyalarning qiymatini Sovg‘alar reyestrini yuritish davlat organining xo‘jalik bo‘linmasi savdo do‘konlari, internet hamda boshqa manbalar va usullar orqali o‘rganib chiqqan va uning o‘rtacha qiymatini kiritgan.